Fargʻona shahrida jamoat transporti tizimini rivojlantirish uchun Xitoydan yangi avtobuslar olib kelinmoqda. Kuni kecha viloyat hokimi jamoat transporti yoʻnalishlari boʻyicha yoʻlovchi tashish xizmati koʻrsatuvchi tadbirkorlar bilan birga yangi avtobuslarning texnik xususiyatlari va qulayliklari bilan tanishdi.
Viloyat transport boshqarmasi boshligʻi Bobur Xamidov viloyat hokimiga joriy yil yakuniga qadar Xitoydan King Long, Yutong, Foton va AsiaStar rusumlarida 100 ta shahar ichi va 10 ta shaharlararo avtobus olib kelinayotganini maʼlum qildi. Kelgusi yilda yana qoʻshimcha 160 ta avtobus olib kelinishi bildirildi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan jamoat transporti sohasida yangi tizim ishlab chiqilib, kunlik tushum rejasini belgilash amaliyoti oʻrniga endi tashuvchilarga mablagʻlar avtobusning yurgan masofasi va odamlar xizmat sifatidan qoniqishiga qarab beriladi. Bu tizim boshqa viloyatlar qatori kelgusi yil 1-iyundan Fargʻonada ham joriy etilishi belgilangan.
Prezident qarori bilan, avtobus olib keladigan tadbirkorlarga qator soliq va bojxona imtiyozlari joriy etilgan. Avtobuslar sotib olish uchun 10 yilgacha muddatga imtiyozli kredit beriladi.