Uchrashuvda mehmonlarga viloyatda tibbiyot xodimlarini tayyorlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida atroflicha ma'lumot berildi.

Janob Urs Lyustenberger O‘zbekistonda «GLOBOGATE Recruiting GmbH» kompaniyasi loyihalari va dasturlarini amalga oshirishda Farg‘ona viloyati ham muhim o‘ringa ega ekanligini ta’kidladi.

Shundan kelib chiqib, tibbiyot xodimlarini Germaniya Federativ Respublikasidagi tibbiyot muassasalarida faoliyat olib borishlari uchun tayyorlash va ushbu mamlakatga yuborish tartib va talablari to‘g‘risida suhbatlashildi. Birinchi navbatda sinov tariqasida 400 nafar tibbiyot xodimlarini saralab olish, ularga nemis tilini o‘rgatish hamda joriy yilning 1 iyuliga qadar mutaxassislarning bir qismini Germaniyaga yuborish, keyinchalik esa mazkur yo‘nalishda hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib olindi.

Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad ikki tomonlama manfaatlarni inobatga olib, viloyatdagi ishsizlik darajasini kamaytirish ekanligi yana bir bor e’tirof etildi, deb xabar beradi Farg‘ona viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, «GLOBOGATE Recruiting GmbH» kompaniyasi 2016-yilda Germaniyaning sog‘liqni saqlash muassasalariga uchinchi davlatlardan tibbiy xodimlarni jalb etish jarayonini ishlab chiqish va amalga oshirish maqsadida Shveytsariyaning Sug shahrida tashkil etilgan.

Kompaniya o‘z mutaxassislarini GGR tarmog‘i (mahalliy agentliklar, til maktablari) orqali hamshiralarni doimiy jalb qilish uchun barqaror va innovatsion manbalarni ishlab chiqadi va taqdim etadi. Shuningdek, ishga qabul qilish jarayonini raqamli boshqaruv vositalari bilan birga olib boradi va nazorat qiladi. Ayni paytda kompaniya 300 dan ortiq nemis shifoxonalariga xizmat ko‘rsatmoqda.