Mazkur majmua davlatimiz rahbarining 2020-yil 28-yanvardagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan, o‘sha yili 17-aprelda uning qurilishiga tamal toshi qo‘yilgandi.
Birinchi bosqichda qariyb 20 gektar maydonda texnopark barpo etilmoqda. U ma’muriy markaz, tadqiqot va rivojlanish markazi (R&D), farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi laboratoriyasi, klinik tadqiqotlar markazi, Farmatsevtika texnik universiteti hamda vivariyni o‘z ichiga oladi.
Bugungi kunda ma’muriy markaz qurib bitkazilgan. 11 qavatli ushbu binoda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, konferensiya zali, kovorking markazi, biznes inkubator, kutubxona, soha tarixi muzeyi joylashgan.
Davlatimiz rahbari ushbu markazni va navbatdagi inshootlar qurilishini ko‘zdan kechirdi.
Klasterdan asosiy maqsad yuqori texnologiyalarni joriy etish orqali mamlakatimiz farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish, xalqaro innovatsion tizimga integratsiyalashish, yuqori sifatli dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani ishlab chiqarish, malakali mutaxassislar tayyorlashdir. Ushbu keng ko‘lamli maqsadlardan kelib chiqib, Toshkent viloyati Zangiota tumanidan 190 gektar yer maydoni ajratilgan.
Hozirgi kunda bu yerdagi sanoat zonasida umumiy qiymati 818 million dollarlik 21 ta loyiha joylashtirilgan. Ularning birinchisi – “Grand Pharm Logistics Hub” tomonidan 40 million dollarlik distribyutorlik markazi ishga tushirildi va 300 ta ish o‘rni yaratildi. Korxonalar Turkiya, Hindiston, Xitoy, Malayziya, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya bilan hamkorlikda tashkil etiladi.
Prezidentimiz ushbu loyihalar tashabbuskorlari bilan suhbatlashdi. Investitsiyalarni jalb etish va qo‘llab-quvvatlash izchil davom ettirilishini ta’kidladi.
Kelgusida sanoat zonasida yana 620 million dollarlik 20 ta loyiha amalga oshirilishi mo‘ljallangan.
Umuman, klasterda yuqori sifatli dori-darmonlar va tibbiy buyumlar ishlab chiqariladi, import bo‘layotgan mahsulotlar mahalliylashtiriladi, 8 ming ish o‘rni yaratiladi. Zarur amaliyotlar markazi (GxP) tovarlarning tayyorlanishidan iste’molchiga yetib borishigacha bo‘lgan barcha bosqichlarda xalqaro standartlarga muvofiqlik va sifatni ta’minlashga ko‘maklashadi.
Davlatimiz rahbariga shu yerda barpo etiladigan Farmatsevtika texnik universiteti haqida axborot berildi.
Unda farmakopeya markazi, kutubxona, sport majmuasi, o‘qituvchilar va chet ellik xodimlar uchun turar joy bo‘ladi. Sanoat farmatsiyasi, biokimyo va biotibbiyot, biotexnologiya, biofarmatsevtika, bioinformatika kabi yo‘nalishlarda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanadi. Buning uchun ta’lim xalqaro dasturlar asosida yo‘lga qo‘yiladi, mikrobiologiya, biotexnologiya, xujayra biologiyasi, farmakologiya, tahliliy kimyo kabi laboratoriyalar tashkil etiladi.
Universitetga joriy o‘quv yilida ilk talabalar qabul qilindi. Prezident ular bilan muloqotda bo‘ldi.
– Biz rivojlangan davlatlardan investorlar olib kelyapmiz. Ular O‘zbekistonga qanday qilib baho beradi? Sizlar bilan muloqot qilib. Mamlakatimizning boyligi – yoshlar! Farmatsevtika bo‘yicha ham eng yaxshi dasturlarni qo‘llab, kelajak uchun mutaxassislarni tayyorlab olmasak, boshqalarga pul to‘laymiz, bog‘liq bo‘lib qolamiz. Shuning uchun zamonaviy universitet tashkil qilib, dual ta’limni yo‘lga qo‘yyapmiz. Bu yerda ham bilim olasizlar, ham o‘qiganlaringizni amalda qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘lasiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mazkur o‘quv yurti bitiruvchilariga Koreya Respublikasining Yonse, Buyuk Britaniyaning Sanderlend va De Montfort universitetlarining xalqaro miqyosda tan olinadigan diplomlari beriladi. Shuningdek, Dandi, Pusan va Purdyu universitetlari bilan ilmiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.