Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi laboratoriyasi JSST kvalifikatsiyasidan oʻtkaziladi

    Mamlakatimizda farmatsevtika tarmogʻini jadal rivojlantirish, sohaga jalb etilayotgan investitsiyalar va eksport hajmini sezilarli darajada oshirish hamda aholini sifatli, xavfsizligi va samaradorligi kafolatlangan dori vositalari bilan taʼminlashga katta eʼtibor qaratib kelinmoqda.

    Qayd etilishicha, Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi laboratoriyasi 2025-yil yakuniga qadar Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan dastlabki kvalifikatsiya (prequalification) tartibidan oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.

    Bu bilan markazning oʻz laboratoriyasi JSST tomonidan tan olingan xalqaro standartlarga toʻliq javob berishini amalda isbotlaydi. Tabiiyki, bu uning xalqaro miqyosdagi nufuzini ham oshiradi.

    Ayni chogʻda laboratoriyaning sifati yuqori, xavfsiz dori vositalarini nazorat qilish borasidagi oʻrni mustahkamlanadi.

    Mahalliy dori vositalari sifati xalqaro talablarga javob berishini tasdiqlash orqali oʻzimizning farmatsevtika mahsulotlari jahon bozorlariga olib chiqilishi osonlashtiriladi.

    Laboratoriyada xalqaro talablarga mos keladigan sinov usullari yoʻlga qoʻyiladi. Bu esa shu yerning oʻzida yuqori darajali tahlillar oʻtkazilishiga zamin yaratadi.