“Farmatsevtika sohasining bugungi holati: muammolar va istiqbollar” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi

    Fan 16 Noyabr 2020 3317

    Toshkent farmatsevtika institutida “Farmatsevtika sohasining bugungi holati: muammolar va istiqbollar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

    Konferensiyada AQSH, Kanada, Germaniya, Janubiy Koreya, Rossiya, Ukraina, Hindiston, Xitoy, Qozog‘izton, Qirg‘iziston va Tojikiston kabi o‘nlab davlatlarning tibbiyot va farmasevtika sohasida faoliyat yuritayotgan malakali mutaxassislari ishtirok etishdi.

    Anjumanning maqsadi — ta’lim, fan va ishlab chiqarishdagi hamkorlikning yangi shakllarini tuzish, farmatsiya sohasidagi yutuqlarni amaliyotga joriy qilish uchun olimlar va ishlab chiqaruvchilarning birgalikdagi faoliyatini keng yo‘lga qo‘yishdan iborat bo‘lib, pandemiya sharoiti tufayli masofaviy tarzda tashkil etildi.

    Konferensiyani Toshkent farmatsevtika instituti rektori, tibbiyot fanlari doktori Kamol Rizayev ochib berdi. Shuningdek, anjumanning kirish qismida Sog‘liqni saqlash vaziri A.Xadjibayev, O‘zbekiston Respublikasi SSV Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori S.Kariyev, O‘zbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi O‘simliklar moddallari kimyosi instituti direktori, professor Sh.Sagdullayevlar onlayn uchrashuvning maqsadi va vazifalari borasida fikr bildirgan holda, qatnashchilarni qutladi.

    Anjumanning ochilish qismidan so‘ng, ishtirokchilar o‘zlariga biriktirilgan seksiyalarda ma’ruzalarini taqdim etdilar. Konferensiya ishi 7 ta sho‘baga ajratilgan holda, har bir bo‘limga biriktirilgan mas’ullar boshchiligida o‘tkazildi.

    Kun davomida bo‘lib o‘tgan sessiyalar qizg‘in muhokamalarga boy o‘tdi. Mutaxassislar o‘zaro tajriba almashdi va kelgusida amalga oshiriladigan maqsadli rejalar, ilmiy hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.