Chunki bugun raqobat kuchli. Ishda yangicha yondashuv, tashabbuskorlik boʻlmasa ana shu raqobat muhitiga moslashish qiyin. Shu jihatdan qaraganda, «Mikrokreditbank» tomonidan olib borilayotgan transformatsiya jarayonlari juda muhim.
“Farovon hayot poydevori!”. Ana shu shior ostida yaqinda poytaxtimizda «Mikrokreditbank» aksiyadorlik tijorat banki tomonidan rebrending tadbiri oʻtkazildi.
Tadbirda «Mikrokreditbank» jamoasi, OAV vakillari, shuningdek, bankning faol mijozlari ishtirok etdi.
Marosimda bankning yangi logotipi, uning falsafasi va qoʻllanishi haqida video materiallar taqdim qilindi. Unga koʻra, yangi logotipdagi “M” harfi bu «Mikrokreditbank» soʻzining bosh harfini, yashil rangdagi element toʻgʻri tanlov, barqarorlik, birlik, muvaffaqiyatni, ikkita koʻk element poydevor va mustahkam ishonchni, yashil rang oʻsish hamda rivojlanishni, koʻk rang esa mukammallik va taraqqiyotni ifodalaydi.
MKBANK — bu yangi brend nomi sifatida «Mikrokreditbank»ning qisqa nomlanishi hisoblanadi. Yangi shiori — «MKBANK — Farovon hayot poydevori!»
Tadbir davomida «Mikrokreditbank»ning shu kunga qadar bosib oʻtgan yoʻli va erishgan yutuqlari, bank oʻz oldiga qoʻygan yangi rivojlanish strategiyasi va kelajakdagi rejalari, kutilayotgan transformatsiya jarayonlari, shuningdek, 2022-2025-yillarda amalga oshirilishi kutilayotgan loyihalar haqida ham taqdimot boʻlib oʻtdi.
Shu bilan birga, bank sayti ham yangilangan koʻrinishda ishga tushirildi.
Eslatib oʻtamiz, «Mikrokreditbank» aksiyadorlik tijorat banki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori asosida 2006-yilda tashkil etilgan. Aytish joizki, oʻtgan vaqt mobaynida bank mamlakatimiz iqtisodiyoti ravnaqiga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.
«Mikrokreditbank» ATB Oʻzbekistondagi yirik tijorat banklaridan biri boʻlib, respublika boʻyicha 71 ta filial, 91 ta bank xizmatlari markazlari, 150 ta 24/7 koʻrinishidagi maxsus kassalar, 143 ta xalqaro pul oʻtkazmalari shoxobchalari, 155 ta valyuta ayirboshlash shoxobchalari tarmogʻiga ega. Oʻrnatilgan bankomatlar soni 2020-yilda 102 donani tashkil etgan boʻlsa, hozirgi kunda bu koʻrsatkich 529 taga yetkazilgan.
Asosiy koʻrsatkichlar boʻyicha esa «Mikrokreditbank» respublika banklari orasida 2020-yildagi 12-oʻrindan bugungi kelib 8-oʻringa koʻtarilgan.
Bankning 2020-2022-yillarda jami kapital 2,4 baravarga, jami aktivlari 2 karra, kredit portfeli 2,4 baravarga, bankomatlar soni deyarli besh baravarga oshgan. Endi “MKBANK” xodimlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida KPI va fidbek tizimini yoʻlga qoʻyyapti.