Xalq o'yinlarining asosiy bo'g'ini sanalgan bolalar o'yinlari farzand tarbiyasida muhim o'rin tutadi. Ularda o'ylashga, fikr yuritishga, jamoa bo'lib harakat qilishga, har qanday qiyinchilik va mushkulliklarni engib, g'alaba qozonishga umid, o'ziga ishonch uyg'otadi. O'yinlar asrlar davomida takomillashib, yangilanib, avlodlarni xalqimiz ma'naviyati sarchashmalaridan bahramand etib kelmoqda.
Bolalar tabiatan ko'rgan narsasiga ishonadi va taqlid qiladi. Shu bois, ular o'yinlari ham amaliy xarakterga, ko'p vazifali va etnopedagogik mohiyatga ega. Inchunun, an'anaviy va ommaviy hodisa, xalq madaniyatining ajralmas bo'lagi, bebaho boyligi sanaladi. O'yinlarda o'sha xalqning o'tmishi, buguni va ertasi namoyon bo'ladi, turmush tarzi, urf-odatlari, ruhiy olami, dunyoqarashi, axloqiy-estetik qarashlari aks etadi. Bolalar hayotini o'yinsiz tasavvur etish qiyin. Ularning har birini mustaqil fol`klor asariga mengzash mumkin. Uning ilk namunalari qadimiy bo'lib, asrlar davomida yosh avlodni tarbiyalash, mavjud shart-sharoitga ko'niktirish, chiniqtirish vazifasini o'tab kelgan.
Fol`klor unsurlaridan biri bo'lgan o'yinlarda asrlar davomida xalq turmush tarzida sinalgan, milliy ruh bilan yo'g'rilgan jismoniy-tarbiyaviy, ma'naviy-axloqiy qarashlar aks etgan. Ular bolalarni halollikka, to'g'rilik va rostgo'ylikka, botirlikka, insonparvar va mehrli bo'lishga da'vat etadi. Aksariyat o'yinlar musobaqa shaklida bo'lib, pirovardida ijobiy yakunlanadi. Bu esa bolalarni yaxshilikka, sofdillikka undaydi.
Bolalar hayotida o'yinlar ham ijtimoiy, ham fiziologik, ham estetik ahamiyat kasb etadi. Ularning ijtimoiy ahamiyati shundan iboratki, bola bevosita tabiat va jamiyat qo'ynida, oila bag'rida yashaydi, o'ynaydi. Bola o'yin vositasida tabiatga yaqinlashadi. O'yin uchun zarur bo'lgan predmet, ashyolarni tabiatdan oladi. O'yinlar, asosan, tabiat qo'ynida, uning so'lim go'shalari — suv bo'yida, ariq labida, tog' etagida, daraxtlar soyasida o'ynaladi. Bola bularning barchasidan olam-olam zavq oladi.
Bolalar tabiatan kattalar turmush tarzi, mehnatini kuzatib, ularga taqlid qilib, o'zlashtirib boradi. Oilada kechadigan turli voqelik: bir-biriga muomala va munosabat, kasb-kor, mehmondorchilik, kundalik ro'zg'or yumushlari, tirikchilik bolalarni befarq qoldirmaydi. Bolalar ularni bevosita kuzatib, nusxa ko'chirib, o'z o'yiniga singdirishga harakat qiladi. Shu tariqa bolalarning hayotga, jamiyat hayotida ishtirok etishga tayyorgarligi shakllanib boradi.
Fiziologik ahamiyati shundan iboratki, bola u orqali o'z tabiiy-biologik, ma'naviy-jismoniy ehtiyojlarini qondiradi. Chunki serharakatlilik bola sog'lom unib-o'sishi uchun asosiy omillardan biri sanaladi. O'yinlar bolalarning sog'lom, baquvvat, chidamli, epchil bo'lib ulg'ayishiga katta yordam beradi. Tana a'zolari ham chiniqadi, ham rivojlanadi.
Estetik jihati esa bolaning ulardan ma'naviy zavq va bahra olishida namoyon bo'ladi. O'yinlar bola his-tuyg'ulariga shu qadar ta'sir ko'rsatishga qodirki, buning natijasida bola qalbida u yoki bu kasbga nisbatan mehr-muhabbat, intilish, ijobiy fazilatlar uyg'onadi, yuksak orzular tug'iladi. Masalan, varrak uchirayotgan yoki o'yinchoq samolyot o'ynayotgan bola qalbida uchuvchi bo'lish orzusi, asfal`tga qing'irqiyshiq rasm solayotgan bolada rassom bo'lish istagi kurtak otishi shubhasiz. Bolada bu o'yinlarga nisbatan qiziqish va e'tibor jiddiylashib, muayyan vaqt o'tgach shu kasbni tanlash darajasiga etishi mumkin. Bolalar o'yinlariga, asosan, hayotda uchraydigan voqea va hodisalar singdirilgan. Bu esa ularning ijtimoiy hayot, tabiat, jamiyat, turmush tarzi bilan bevosita bog'liqligini anglatadi.
Bolalarning sog'lom, go'zallikka oshno bo'lib ulg'ayishlari va yashashlarida ham o'yinlar muhim o'rin tutadi. Ulardan ko'zlangan asosiy maqsad — bolalarning hayotni anglashi, turli ko'nikma va malakaga ega bo'lishga intilishi, hayotga muhabbat ko'zi bilan qarashga urinishi, bo'sh vaqtni samarali o'tkazishdan iborat. Bolalar hayvonlar bilan bog'liq o'yinlarni o'ynash asnosida jonzotlarga mehr qo'yish, ularni parvarish qilish, asrab-avaylashni o'rganadi.
O'z navbatida, o'yinlar axloqiy-tarbiyaviy vazifani ham bajaradi. Aksariyat o'yinlarda mehnatga uquvli bo'lish, kasbkor sirlarini egallashga rag'bat uyg'otish, “qiyin ahvolga tushib qolgan” do'stga yordam qo'lini cho'zish, do'stlikni ardoqlash, mardlik ko'rsatib, g'alaba qozonish, jamoa sha'nini himoya qilish kabi insoniy fazilatlar madh etiladi. Bolalarda mehnatsevarlik, do'stlik, sofdillik, to'g'rilik, rostgo'ylik, sadoqat, vatanparvarlik, mardlik, botirlik, uquvlilik, bilimdonlik, topqirlik, zukkolik, epchillik kabi insoniy xislatlarni tarbiyalaydi. Ularni ma'naviy go'zallik, ezgulik, yaxshilik sari undab, el-yurt manfaati uchun kurashishga chorlaydi.
An'anaviy bolalar o'yinlarida ona Vatan, el-yurt manfaatini himoya qilish, o'z manfaatini Vatan manfaatidan ustun qo'yish kabi ulug'vor g'oya va maqsadlar singdirilgan. Buni “Qal'a himoyasi”, “Qo'rg'on himoyasi”, “Oy terakmi, kun terak”, “Oq sholi, ko'k sholi”, “Bayroq olish”, “Shaharlarga sayohat” kabi o'yinlarda yaqqol ko'rish mumkin.
Bolalarning do'st, o'rtoq bo'lishida ham o'yinlar muhim rol` o'ynaydi. Ularni bir-biriga yaqinlashtiradi, do'stlashtiradi. Hamma ham bir jamoa bo'lib o'ynay olmaydi. O'zaro do'st, o'rtoq, ruhan yaqin, qiziqish va intilishlari mos keladigan bolalar birga o'ynay oladi. O'yin paytida bolalar jamoasini shakllantirishda do'stlik tushunchasi uch holat, ya'ni tengdosh yoki mahalladosh, bir xil jins va qiziqishdagi bolalar o'rtasidagi ahillik, bola va tabiat (hayvonlar va o'simliklar) o'rtasidagi samimiy munosabat, bir millat bolalarini boshqa millat o'yinlarini o'ynashi natijasida yuzaga keladi.
Huquqiy ongni shakllantirishda ham bolalar o'yinlarining o'rni beqiyos. Chunki bola o'yin jarayonida o'z xulqi, xatti-harakatini boshqarishni o'rganadi. Shu asosda unda ichki intizom shakllana boshlaydi. Bola o'yinga kirishgan lahzadan boshlab onaboshi irodasi va o'yinning ichki tartib-qoidalariga bo'ysunadi. Ayni shu holat, ya'ni o'yinga mas'ullik majburiyati hamda ichki intizom tuyg'usi bolada huquqiy ongni tarbiyalashga xizmat qiladi. Bola o'yin tugaganida emas, balki onaboshi uning tugashini bildirib: “Uy-uyingga, tepa-to'yingga, bir xo'rozim bor, qaysi biringga?” deb tarqalishga ijozat bermaguncha o'zboshimchalik bilan tashlab ketishga haqqi yo'q. Chunki o'yinni o'rtasida tark etish — uning buzilishiga, tarqalib ketishiga olib keladi. Bu esa, tabiiyki, boshqa bolalarda norozilik uyg'otadi. Bolaning jamoa oldidagi mas'uliyatini susaytiradi. O'yinda g'irromlik ro'y beradi. O'yinda belgilangan qoida va shartlarni ado etish, ularga qat'iy amal qilish barobarida bolada qanoat, sabr, chidam, qonun-qoidalarga bo'ysunish tuyg'ulari kamol topadi.
Muxtasar aytganda, o'yinlar boladan aqliy harakat, jismoniy kuchdan to'g'ri foydalanishni talab qiladi. Ular ruhiyati va ma'naviyatiga ta'sir ko'rsatadi, fikrlash qobiliyatini o'stiradi.
Nigora SAFAROVA,
Buxoro davlat universiteti dotsenti,
filologiya fanlari nomzodi