Farzandiga zoʻravonlik qiluvchilarga bolalar davlat himoyasida ekani eslatildi

    Ijtimoiy hayot 18 Iyun 2022 2065

    Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) oʻrinbosari — Bola huquqlari boʻyicha vakili Aliya Yunusova ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati shifoxonalaridan birida sodir boʻlgan voqea, yaʼni ona oʻz kasalmand bolasini ayovsiz kaltaklayotgani tasvirlangan video yuzasidan ombudsman.uz saytida oʻz munosabatini bildirdi.

    — Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati shifoxonalaridan birida sodir boʻlgan voqea, yaʼni ona oʻz kasalmand bolasini ayovsiz kaltaklayotgani tasvirlangan video barchani larzaga soldi.

    Bu bizga maʼlum boʻlgan holatlardan biri, xolos. Lekin toʻrt devor orasida yashirincha sodir boʻlayotgan holatlar ham bor ekanini barchamiz bilamiz. Afsuski, jamiyatda befarqlik kayfiyatining borligi sabab, bolalarga nisbatan qilinayotgan zoʻravonlik holatlariga qoʻl siltab, “menga nima” qabilida ish koʻradiganlar ham yoʻq emas.

    Mazkur Samarqand viloyatidagi shifoxonada sodir boʻlgan holatni olsak, palatada ona boladan tashqari kamida ikki nafar shaxs bor edi. Ularning shovqinini kasalxona xodimlari va shifokorlar eshitishmadimi? Nega darhol bolani ona qoʻlidan tortib olib, tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga murojaat qilinmadi?

    BMTning Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasining 19-moddasida ishtirokchi-davlatlar bolani jismoniy va ruhiy zoʻravonlikning, haqoratlash va suiisteʼmolliklar, gʻamxoʻrlik koʻrsatmaslik yoki beparvolik bilan muomalada boʻlish, qoʻpol muomala qilish yoki ota-ona, qonuniy vasiylar yoki bola haqida gʻamxoʻrlik qiluvchi har qanday boshqa shaxs tomonidan ekspluatatsiya qilish, jumladan, shahvoniy suiisteʼmolliklar sodir etishning har qanday shakllaridan himoyalash maqsadida jamiki zarur qonuniy, maʼmuriy, ijtimoiy va maʼrifiy chora-tadbirlarni koʻrishi kerakligi belgilangan.

    Oʻzbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunining 10-11 moddalariga muvofiq, davlat bolani zoʻravonlikning barcha shakllaridan, shu jumladan jismoniy, ruhiy va jinsiy zoʻravonlikdan, qiynoqlarga solishdan yoki shafqatsiz, qoʻpol yoxud inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa shakldagi muomaladan himoya qilinishini amalga oshiradi.

    Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uning ota-onasi, ota-onasining oʻrnini bosuvchi shaxslar, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa vasiylik va homiylik organi, prokuror, sud tomonidan amalga oshiriladi.

    Bola ota-ona va ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan qilinadigan suiisteʼmolchilikdan himoyalanish huquqiga ega.

    Bolaning hayoti yoki sogʻligʻiga xavf tugʻilganidan, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligidan xabardor boʻlgan shaxslar bu haqda bola haqiqatda turgan joydagi vasiylik va homiylik organiga maʼlum qilishlari shart. Shunday maʼlumotlar olingan taqdirda, vasiylik va homiylik organi bolaning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha zarur choralar koʻrishi shart.

    Amaldagi qonunchilikda shuncha normalar boʻlishiga qaramay bolalar bari bir aziyat chekishyapti. “Ota-onalar”ning zoʻravonlikka yoʻl qoʻyishi, farzandiga nisbatan qoʻpol va shafqatsiz muomala qilishlari – kechirib boʻlmas xato. Har bir kishi qonunlar bilan belgilangan masʼuliyatini va majburiyatini zimmasiga olishga va uni bajarishga majbur.

    Aks holda, davlat bolalarni zoʻravonlik va kuch bilan “tarbiyalaydigan” ota-onalardan farzandini olib qoʻyish mexanizmini ishlab chiqishga majbur boʻladi. Bolalar ozor chekmasligi uchun Bola huquqlari boʻyicha vakil ushbu taklifni ilgari suradi va buni toʻgʻri deb hisoblaydi.

    Odamlar oxir oqibat jamiyatimiz ham bolalarga nisbatan zoʻravonlikka yoʻl qoʻyilmasligini va bu aslo qabul qilinmasligini eʼlon qilishi kerak. Bolaning begonasi boʻlmaydi. Shunday holatga duch keldingizmi darhol chora koʻring. Jamoatchilik nazoratining kuchi faqat ijtimoiy tarmoqlarga tarqatiladigan videolardan keyingina ishlashi kerak emas. Bolalar uchun har birimiz masʼulmiz!