So'nggi paytlarda turli ommaviy axborot vositalarida FHDYO bo'limlari tomonidan fuqarolarning bir necha yil kechikib bo'lsa-da tug'ilganlik haqidagi guvohnomalarni olayotganligi haqidagi xabar yoki lavhalarga tez-tez ko'zimiz tushib qoladi.
Xo'sh, nima uchun o'sha fuqarolar tug'ilganlik haqidagi guvohnomalarni o'z vaqtida rasmiylashtirmagan?
Bolaning tug'ilishini qayd etish majburiy bo'lib, bola tug'ilgan joydagi yoki ota-onasidan birining doimiy yashash joyidagi FHDYO bo'limi tomonidan bevosita yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirilishi lozim. Bu haqda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 14 noyabrdagi “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalarini tasdiqlash to'g'risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalari”da yozib qo'yilgan.
Unga ko'ra, tug'ilganlik haqidagi ariza bola tug'ilgan kundan boshlab bir oy muddat mobaynida og'zaki yoki yozma shaklda ota-onasi yoki ulardan biri, alohida hollarda esa qarindoshlari, qo'shnilari yoki ota-onasi yoxud ota-onasidan biri vakolat bergan boshqa shaxslar, shuningdek, tibbiyot muassasalarining, ichki ishlar yoki vasiylik va homiylik organlarining mansabdor shaxslari tomonidan berilishi mumkin.
Joriy yilning 1 avgust holatiga ko'ra, Nurafshon shahrida 936 ta tug'ilish holati rasmiylashtirilgan bo'lib, shundan 477 tasi o'g'il, 459 tasi qiz bolalar. FHDYO bo'limi tomonidan 222 ta nikoh qayd etilgan bo'lsa, shar'iy nikohda yashab kelayotgan 28 ta oilaning nikohi qonuniylashtirildi. Shuningdek, 13 ta muddati o'tib tug'ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi rasmiylashtirilgan.
FHDYO organlari tomonidan dalolatnomalarning muddati o'tib qayd etilishiga ko'proq ota-onaning e'tiborsizligi yoki mas'uliyatsizligi, tug'ilishni qayd etish uchun hujjatlar to'liq bo'lmaganligi, oilaviy sharoit bilan bog'liq holatlar, ota (ona)ning pasporti yo'qligi yoki muddati tugaganligi sabab bo'lmoqda. Ba'zan esa ota-ona qonuniy nikohda bo'lmaganligi, bola uy sharoitida tug'ilganligi bo'yicha dalolatnoma tuzilmaganligi, tug'ilganlik haqidagi tibbiy ma'lumotnomaning yo'q yoki yo'qotilganligi, onaning pasporti bo'lmaganligi bois tug'ruq muassasasi tomonidan tug'ilganlik haqidagi tibbiy ma'lumotnoma berilmaganligi sabab ham dalolatnomalarning muddati o'tib qayd etilishi holatlari kuzatilmoqda.
Farzand ko'rish inson hayotidagi eng quvonchli, hayajonli, bir umrga unutilmas baxtli jarayon hisoblanadi. Ana shu jarayonlarda yangi tug'ilgan chaqaloqlarga tug'ilganlik haqidagi guvohnomalarni o'z vaqtida olishingizni so'rab qolamiz. Bola huquqlari ham qonunan himoyalanganligini esdan chiqarmang.
Svetlana Jo'rayeva,
Nurafshon shahar FHDYO bo'limi mudirasi