Ushbu imtiyoz qanday ishlaydi?
Nodavlat maktabgacha yoki maktab taʼlim tashkilotida oʻqish pullik hisoblanadi. Endi ota-ona (farzandlikka oluvchi)ning buning uchun har bir farzandga oyiga 3 mln soʻm doirasidagi xarajatlari soliq solishdan ozod qilinadi.
Masalan, ota (ona)ga uning ish joyi boʻyicha har oyda 720 ming soʻm (6 000 x 12%) JSHDS ushlab qolingan holda 6 mln soʻm ish haqi hisoblanadi. U buxgalteriyaga oʻz farzandining taʼminoti uchun maktabgacha taʼlim tashkilotiga har oyda 2,5 mln soʻm oʻtkazish haqida ariza taqdim etdi.
2,5 mln soʻmga soliq solinmaydi. Buxgalteriya faqat 3,5 mln soʻm (6000 – 2500) farqdan soliq ushlab qoladi. Soliq 420 ming soʻmni (3500 x 12%) tashkil qiladi. Ota (ona) soliqdan oyiga 300 ming soʻm tejaydi.
Imtiyoz qanday qoʻllaniladi?
Ota (ona) imtiyozni:
• oʻz korxonangizning buxgalteriyasiga mablagʻlarni nodavlat maktabgacha yoki maktab taʼlim tashkilotiga oʻtkazish haqida ariza va toʻlovga schyot (shartnoma) taqdim etgan holda ish joyi boʻyicha;
• soliq xizmatiga yil yakunlari boʻyicha daromadlar toʻgʻrisida deklaratsiya va oʻqish uchun toʻlov amalga oshirilganligi toʻgʻrisida hujjatlarni taqdim etgan holda qoʻllashi mumkin.
Imtiyoz qaysi sanadan amal qiladi?
Imtiyoz 2022-yil 1-apreldan amal qiladi.
Norezident jismoniy shaxslarning Oʻzbekistondagi manbalardan oladigan daromadlari boʻyicha soliq solish stavkasi pasaytirildi
Soliq stavkasi 20%dan 12%gacha pasaytirildi. Masalan, agar norezidentning bir oyda daromadi 1000 shartli birlikni tashkil etgan boʻlsa, budjetga ushbu summadan 200 shartli birlik toʻlangan. Hozir ushlab qolish summasi 120 shartli birlikni tashkil qiladi.
Eslatib oʻtamiz, 12% – rezident jismoniy shaxslar uchun ham JSHDS stavkasi.
Soliq stavkasini pasaytirish qaysi paytdan eʼtiboran amal qiladi?
OʻRQ-785-son Qonunga asosan 12% stavka 2022-yil 1-maydan boshlab hisoblangan daromadlarga qoʻllaniladi.
Qaysi daromadlarga 12% stavka qoʻllaniladi?
12% stavka mehnat shartnomalari va fuqarolik-huquqiy xususiyatdagi shartnomalar boʻyicha olingan daromadlarga, shuningdek boshqa daromadlarga qoʻllaniladi, bundan dividendlar, foizlar va fraxtdan olinadigan daromadlar mustasno.
Oldingi darajada saqlanib qolgan soliq stavkalari:
- dividendlar va foizlar boʻyicha – 10%;
- xalqaro tashishlarda transport xizmatlarini taqdim etishdan olinadigan daromadlar boʻyicha (fraxtdan olinadigan daromadlar) – 6%.
May-iyun uchun JSHDS boʻyicha hisobotni qayta topshirish zarurmi?
Yoʻq, qayta topshirmasa boʻladi. Hisobot yil boshidan oʻsib boruvchi yakun bilan taqdim etilishi bois, iyul hisobotida tuzatishlarni aks ettirish yetarli.
Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga muhtoj iqtidorli farzandlarni bepul oʻqitish soliq solishdan ozod qilingan
Kim bepul oʻqishi mumkin?
Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga muhtoj oilalarning qobiliyatli va iqtidorli farzandlari maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim nodavlat tashkilotlarida bepul oʻqishga haqli. Taʼlim tashkilotlari ularni tanlov asosida jami oʻquvchilar yillik umumiy sonining 10%idan kam boʻlmagan miqdorda bepul oʻqishga qabul qilishi shart (Prezidentning 15.09.2017-yildagi PQ-3276-son qarori).
Soliq solishdan ozod qilishning mohiyati nimada?
Ilgari bunday bepul oʻqish qiymati oʻquvchining ota-onasining moddiy naf tarzidagi daromadi sifatida hisoblangan va 12% stavka boʻyicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi toʻlanishi lozim edi.
Soliq kodeksiga yangi norma kiritilishi bilan bepul oʻqish soliq solishdan ozod qilindi.
Ushbu imtiyoz yana kimga tatbiq etiladi?
Mazkur imtiyoz davlat–xususiy sheriklik asosida faoliyat koʻrsatadigan maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan (oʻqiyotgan) maxsus kontingentdagi tarbiyalanuvchilarni bepul oʻqitishga ham tatbiq etiladi.
Davlat talabalarning oliy taʼlim tashkilotlari hududidagi mehnatini ragʻbatlantiradi
Ushbu norma qaysi vaqtdan boshlab ishlamoqda?
Imtiyoz 26.07.2022-yildagi OʻRQ-785-son Qonun bilan Soliq kodeksiga kiritilgan va Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan kuchga kiradi.
Qanday faoliyat turlari ragʻbatlantiriladi?
Oliy taʼlim tashkilotlari hududida:
• pullik oʻquv kurslari;
• sport toʻgaraklari;
• boshqa taʼlim xizmatlarini tashkil etish.
Ragʻbatlantirishlarning mohiyati nimada?
Talabalarning ushbu faoliyat turlaridan olingan daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod qilinadi.
Masalan, talaba oʻzi oʻqiydigan universitet hududida sport toʻgaragi tashkil qildi va 5 mln soʻm ishlab topdi. 5 mln soʻmning hammasi – bu talabaning daromadi va ushbu summadan soliq toʻlanmaydi.
Imtiyozdan foydalanish uchun bunday faoliyatni qanday tashkil qilish kerak?
Buning uchun talaba quyidagi tarzda oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtishi kerak:
• maxsus mobil ilova orqali;
• soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali;
• soliq xizmatida.
Roʻyxatdan oʻtish uchun nimalar kerak boʻladi?
Quyidagilarni koʻrsatgan holda soʻrovnomani toʻldirish:
• JSHSHIR;
• amalga oshirmoqchi boʻlgan faoliyat turi;
• mehnat faoliyatini amalga oshirish nazarda tutilgan manzil;
• mobil telefon raqami.
FIO, pasport yoki ID-kartasi maʼlumotlari, yashash joyi DSQ va IIV maʼlumotlar bazasidagi maʼlumotlar asosida avtomatik tarzda shakllantiriladi.
Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar faoliyatni amalga oshirish joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtishni qanday hujjat tasdiqlaydi?
Belgilangan shakl boʻyicha QR-kod bergan holda Oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtganlik toʻgʻrisida maʼlumotnoma. Uni oʻzini oʻzi band qilgan shaxsning xohishiga koʻra maxsus mobil ilova, soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali yoxud qogʻoz shaklida soliq xizmatida olish mumkin.
Tashkilotlar oʻz xodimlari va ularning oila aʼzolari uchun madaniy tadbirlarga soliqlarsiz haq toʻlashlari mumkin
Tashkilotlar qaysi soliqlardan va qanday miqdorda soliq solishdan ozod qilinadi?
Toʻlanayotgan soliq turiga qarab, tashkilotlar foyda soligʻi yoki aylanmadan olinadigan soliqdan ozod qilinadi.
Imtiyoz summasi tashkilotning tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan olingan daromadining 0,5%ini tashkil qiladi.
Masalan, tadbirkorlik subyektining realizatsiya qilishdan olingan daromadlari 1 mlrd soʻmni tashkil etsa, ushbu summaning 0,5%i – 5 mln soʻm boʻladi. Agar tashkilot ushbu summa doirasidagi mablagʻlarni oʻz xodimlari va ularning oila aʼzolari uchun madaniy tadbirlarga biletlar xarid qilish uchun yoʻnaltirgan boʻlsa, ushbu mablagʻlar summasiga foyda soligʻi yoki aylanmadan olinadigan soliqning soliq bazasini kamaytirish orqali soliq solinmaydi.
Xarajatlarning qaysi turlari ushbu imtiyoz ostiga tushadi?
Tashkilotlarning oʻz xodimlari va ularning oila aʼzolari uchun ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlariga biletlar xarid qilishi bilan bogʻliq xarajatlari.
Ushbu norma qaysi vaqtdan boshlab ishlamoqda?
Imtiyoz 26.07.2022-yildagi OʻRQ-785-son Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.