Prezidentimizning oʻtgan yil 13-yanvardagi “Samarqand davlat universiteti faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan filial oldiga pedagogika, axborot texnologiyalari va hududda kadrlarga ehtiyoj yuqori boʻlgan boshqa sohalar uchun mutaxassislar tayyorlash kabi muhim vazifalar qoʻyilgan.

Urgut filialining aynan mazkur tumanda ochilishiga koʻplab asoslar bor. Birinchidan, aholisi 550 mingdan ortiq boʻlgan ushbu tuman azaldan hunarmandchilik, tadbirkorlik va savdo-sotiq markazi boʻlib kelgan, iqtisodiy jihatdan boshqa tumanlarga qaraganda ancha rivojlangan. Ikkinchidan, soʻnggi yillarda hududdagi maktablarda oliy maʼlumotli kadrlar yetishmasligi va mutaxassislarga yuqori ehtiyoj kuzatilgani bois, ayni muammoni bartaraf etish zarurati tugʻilgan edi.

— Oʻtgan yili filialimizda 12 ta taʼlim yoʻnalishi boʻyicha 515 talaba tahsil olgan boʻlsa, bu yil ular soni ikki barobar oshishi kutilyapti, — deydi Samarqand davlat universiteti Urgut filiali direktori, geografiya fanlari doktori Quvondiq Yarashev. — Professor-oʻqituvchilarimizdan 1 nafari fan doktori, 3 nafari fan nomzodi, 11 nafari falsafa doktori.

Filialda xotin-qizlarning taʼlim olishiga alohida eʼtibor qaratilyapti. Chunki qiz bola oliy maʼlumotli boʻlsa, yuqori bilim va salohiyat egasi boʻlsa, kelgusida farzandlarini ham barkamol qilib tarbiyalaydi. Shu bois, yurtimiz ravnaqi mana shunday keng dunyoqarashli xotin-qizlarga ham bogʻliq.

— Ilgari institut, universitetlar biz yashaydigan hududdan ancha uzoqda boʻlgani uchun farzandlarimni oʻqitolmaganman. Lekin men ham bolalarimning oliy oʻquv yurtida oʻqib, oʻqimishli inson boʻlishini orzu qilardim. Tumanimizda universitet filiali ochilganini eshitib, juda quvondim. Xursandligimdan oʻzim bosh boʻlib, kelinimning hujjatlarini shu filialga topshirtirdim. Inson biror narsani chin dildan xohlasa, butun olam unga xayrixoh boʻladi, deganlari chin ekan. Avvalo, Yaratganning inoyati, qolaversa, butun oila aʼzolarimiz bilan kelinimning oʻqishga kirishini chin dildan istagandik. U oʻtgan yili talabalar safiga qabul qilindi. Bundan qanchalar xursand boʻlganimni bilsangiz edi. Yaxshi oʻqiyapti kelinim, bu yil 1-kursni tugatdi, — deydi Urgut tumani Beshkapa qishlogʻida yashovchi Iskandar Doniyorov. — Filialning ochilishi biz uchun juda katta yengillik boʻldi. Avval kimdir talaba boʻlsa, uzoq shaharga borib, ijara uylarda sarson-sargardon, oila aʼzolaridan uzoqda yashashga majbur boʻlardi. Hozir ota-onasining oldida, uyidan qatnab oʻqiyapti. Kelinim darslarda faol qatnashib, uy ishlariga ham bemalol ulguradi. Bunday imkoniyatning qadriga yetmay, shukronasini qilmay boʻladimi?!

Afsuski, ayrim ilmsiz, johil oilalar hayotning pastu balandini tushunib yetmasidan qizlarini 16–17 yoshdayoq turmushga uzatib yuborayotgan, oxir-oqibatda koʻplab ajrimlarga sabab boʻlayotgan esa-da, zamonaviy fikrlaydigan ota-ona, qaynota-qaynona, kuyovlar ham koʻpayib boryapti. Oʻz navbatida, xotin-qizlarning taʼlim olishi, kasbli boʻlishi uchun qogʻozda emas, amalda imkoniyatlar, yengilliklar yaratilmoqda.

Talabalarning sogʻlom turmush tarziga rioya etishi uchun sharoit yaratish, shuningdek, maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlar tizimini takomillashtirish borasida ham filialda bir qator ishlar yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, iqtidorli yoshlar bilan muntazam ishlash va maqsadli tayyorlash uchun ilmiy tadqiqot bilan shugʻullanish istagidagi yigit-qizlar uchun “Yosh ilmiy tadqiqotchilar”, “Kreativ yoshlar”, “Yosh dasturchilar”, “Yosh iqtisodchilar”, “Intellekt” hamda sport toʻgaraklari tashkil etilgan.

—Oʻqishga kirgach, talabalikning ham oʻziga yarasha masʼuliyati boʻlishini bildim, — deydi filialning 2-kurs talabasi Sevinch Allanazarova. — Talabalik hayotimdagi samarali va ijobiy oʻzgarishlarga sabab boʻldi. Jumladan, maqsadlarimga eltadigan imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Umuman, har bir talaba oʻzi tanlagan yoʻnalish boʻyicha ilmiy ishlar tayyorlashi, yangiliklar yaratishi, tinimsiz ishlab, muayyan sohaning yetuk malakali mutaxassisi boʻlib yetishishi mumkin. Mana shunday talabalar qatori men ham katta imkoniyatlar chorrahasida oʻz oʻrnimga ega boʻlganimdan xursandman.

Filial faoliyat boshlaganiga endi bir yil toʻldi. Koʻp yillik tarixga ega Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti qoshida ochilgan Urgut filialini keng ummonning togʻlar bagʻridan makon topgan, oʻz yoʻlini topishga intilayotgan irmogʻiga qiyoslash mumkin. Mazkur oliy taʼlim muassasasi kun kelib, tumanda taʼlim sohasini yanada rivojlantirishga, xususan, maktablarni oliy maʼlumotli kadrlar bilan taʼminlashga munosib hissa qoʻshishi shubhasiz.

Zarina RAHMONOVA,

jurnalist