Oʻz vaqtida soʻzning kuchi, qudrati bilan matbuotning jamiyatdagi oʻrnini yaqqol koʻrsata olgan faxriy jurnalistlarning ijodiy uchrashuvida tahririyatda kechgan faoliyat bilan bogʻliq yorqin xotiralar yodga olindi, turli mavzularda fikr almashilindi, hozirgi matbuotning yutuq va kamchiliklari tahlil etildi.

Soʻzda ulkan qudrat borligi rost. Qolaversa, ijodkor oʻz shaxsiyati, fazilatlari bilan ham yosh avlodga oʻrnak boʻladi. Tahririyatda koʻplab shunday insonlar faoliyat yuritgan. Ustoz ijodkorlar Haydar Nosirov, Erkin Xoʻjayev, Marila Xoʻjayeva, Nigora Azimova, Hamid Sultonov, Salohiddin Muhiddinovning ijod maktabi yoshlar uchun namunadir.

— Bugungi yigʻilish xayrli oʻtdi, desak boʻladi. Sababi, shu yerda oʻtirganlarning aksariyati ajoyib inson, ijodkor, muharrir Maqsud Qoriyev davrida mehnat qilgan, — dedi Haydar Nosirov. — Oʻz vaqtida gazeta juda katta nusxada chop etilgan. Uning taʼsirchan, oʻqimishli boʻlishida zabardast jurnalistlarimizning hissasi katta. Ularning boy tajribasi bugungi yoshlar uchun har jihatdan oʻrnak.

Faxriy ustozlar ishtirokidagi bunday maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar el-yurtimiz hayotida goʻzal anʼanaga aylandi. Suhbatlarda mamlakatimizda inson omiliga yuksak eʼtibor berilayotgani, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan jamiyatimizning har bir aʼzosiga gʻamxoʻrlik, mehr-oqibat koʻrsatilayotgani, inson qadr-qimmati, uning orzu-niyatlarini roʻyobga chiqarishga imkoniyat yaratib berish ustuvor vazifaga aylangani bot-bot taʼkidlandi.