Faxru gʻururimiz, shonu shavkatimiz himoyachilari

    “Bunyodkor” stadionida boʻlib oʻtgan taqdirlash marosimida barcha futbolchilar va murabbiylar shtabiga Prezident sovgʻasi — “Gentra” avtomobillari topshirildi.

    Joriy yil 18-mart kuni 20 yoshgacha boʻlgan futbolchilardan tarkib topgan Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi Osiyo chempionligini qoʻlga kiritdi. Shu munosabat bilan Navroʻz bayrami arafasida yosh futbolchilarimiz hamda ularning murabbiylari munosib taqdirlandi.

    “Bunyodkor” stadionida boʻlib oʻtgan taqdirlash marosimida barcha futbolchilar va murabbiylar shtabiga Prezident sovgʻasi — “Gentra” avtomobillari topshirildi.

    Hukumat vakillari, sport, sanʼat va madaniyat namoyandalari, futbol muxlislari, yosh qahramonlarimizning ota-onalari qatnashgan tadbirda muxbirimiz umidli futbolchilarning dil soʻzlarini yozib oldi.

    PREZIDENT SOVGʻASIGA MUNOSIB BOʻLAMAN!

    Umarali RAHMONALIYEV, Oʻzbekiston yoshlar terma ­jamoasi sardori:

    — Kuni kecha Prezidentimiz­ning sovgʻasi — “Gentra” avtomobili bilan taqdirlandik. Bu bizning xalqimiz oldidagi kichik gʻalabamizga berilgan yuksak baho. Aslida, davlatimiz rahbari final oʻyinini stadionga kelib tomosha qilgani, bizni qoʻllab-quvvatlab turganining oʻzi katta madad, koʻtarinki ruh bergandi.

    Biz kechagina “Yangi Oʻzbekiston” bogʻidagi Navroʻz bayramida ham qatnashdik. Bu yerda ham Prezidentimiz bizni alohida tilga olib, katta ishonch bildirdi. Xalqimizning olqishlab qoʻllab-quvvatlagani har birimizning koʻnglimizga haqiqiy bayramona kayfiyat bagʻishladi.

    Eʼtibor va gʻamxoʻrlik qanchalik muhim ekanini endi-endi tushunib yetyapmiz. Chunki bunday eʼtirof murabbiylarimiz va jamoadoshlarimiz oldiga nihoyatda katta masʼ­uliyat yuklaydi. Endi biz, albatta, jahon chempioni ham boʻlishimiz kerak. Buning uchun imkoniyatlarimiz yetarli, barcha kerakli sharoit­larga egamiz. Maqsadimiz Prezidentimiz, xalqimizning shu ishonchini oqlash va mehrini qozonish.

    Bugun ishontirib aytamizki, Shavkat Mirziyoyevdek mehribon va yoshlarni har doim qoʻllab-quvvatlovchi Prezidentimiz bor ekan, biz yuksak choʻqqilarni zabt etib boraveramiz. Qolaversa, Ravshan Haydarovdek jonkuyar, fidoyi ustozimiz, bizni tunu kun duo qilib turuvchi ota-onamiz, har nafasimizda qoʻllaguvchi xalqimiz bor ekan, hali koʻp zafarli yutuqlarni qoʻlga kiritamiz.

    OLDIMIZDA YANADA MASHAQQATLI YOʻL TURIBDI

    Otabek BOYMURODOV, Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi darvozaboni:

    — Bu yilgi bahor, Navroʻz ayyomi va Ramazon oyi yurtimiz uchun ham, biz uchun qutlugʻ kelmoqda, deb oʻylayman. Shuning uchun ham Navroʻz bayramini yanada yaxshi kayfiyatda, qalbimiz quvonch­ga toʻlib qarshi oldik.

    Terma jamoamizning dar­vozaboni sifatida aytadigan boʻlsam, Iroq kuchli jamoa, yaxshi futbolchilari koʻp. Lekin biz bosh murabbiyimiz Ravshan Haydarov uqtirganidek, finalda boshqa Iroqni koʻrdik, shunga yarasha harakat qildik va muvaffaqiyat qozondik. Bu oʻz-oʻzidan boʻlmadi, albatta. Buning ortida murabbiylarimizning mashaqqatli mehnati, yaqinlarimizning daldasi, Prezidentimiz va xalqimizning ishonchi mujassam edi.

    Ayniqsa, Prezidentimiz “Bunyodkor” stadioniga kirib kelishi bilan bilaklarimda oʻzgacha bir kuch paydo boʻlganday oʻzimni juda tetik his etdim. Oʻzimga boʻlgan ishonchim yanada ortdi. Xayolimda esa “Otabek, sen bugun gol oʻtkazib yuborishga haqqing yoʻq”, degan buyruqni oʻz-oʻzimga berganday boʻldim. Oʻrtoqlarim koʻnglida ham shunday faxrli tuygʻular boʻlganini oʻyindan keyin aytib berishdi.

    Endi oldimizda yanada mashaqqatli yoʻl turibdi. Murabbiylarimiz va jamoamiz bilan yanada jipslashib, birgalikda har qanday dovonni gʻalaba bilan bosib oʻtishga harakat qilamiz. Muhimi, gʻalabaga ishonch. Biz unga intilib, ishonchni oqlab yashaymiz.

    Xalqimizni Navroʻz bayrami bilan tabriklayman. Navroʻz oʻz nafasida barchamizga yaxshiliklar va omadlar olib kelsin. Futbol muxlislari ham sogʻ-omon boʻlishsin!

    MUXLISLARGA TAʼZIM QILAMIZ

    Abbosbek FAYZULLAYEV, Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi yarim himoyachisi, musobaqaning eng yaxshi oʻyinchisi:

    — Allohga shukr, butun xalqimiz, murabbiylarimiz va yaqinlarimiz oldida yuzimiz yorugʻ boʻldi. Kayfiyatimiz chogʻ. Yangilanish, yasharish fasli bahorning eng goʻzal bayrami Navroʻzi olamni oʻzgacha koʻtarinki kayfiyatda nishonlayapmiz.

    Qalbimiz gʻurur-iftixorga toʻla. Hal qiluvchi yakuniy final bosqichida ­Prezidentimizning shaxsan oʻzi bizni qoʻllab-quvvatlab turgani juda zoʻr motivatsiya boʻldi. Ruhiyatimiz osmon qadar oʻsdi. Gʻururlandik, shodlandik va dunyolarga sigʻmay ketdik. Shuning uchun ham gʻalaba qildik.

    Fursatdan foydalanib, davlatimiz rahbariga bizga koʻrsatgan yuksak mehru muhabbati, gʻamxoʻrligi, ishonchi va ajoyib sovgʻasi — “Gentra” avtomobili uchun oʻzim, ota-onam, jamoadosh­larim nomidan cheksiz minnatdorlik bildiraman. Chunki bu mashina jondan aziz ota-onamga ham bayram sovgʻasi boʻldi.

    Bizni doim qoʻllab turgan muxlislarimizga esa qoʻlimni koʻksimga qoʻyib ­taʼzim qilaman.

    Xudo xohlasa, may oyida boshlanadigan jahon chempionatida ham gʻalaba qozonamiz, bildirilgan yuksak ishonchni, albatta, oqlaymiz va Oʻzbekistonga yorugʻ yuz bilan qaytamiz.

    “YANGI OʻZBEKISTON”

    MUXBIRI GULICHEHRA DURDIYEVA

    YOZIB OLDI.