Piskent tumani 1-sektor hududidagi Fayzobod mahallasida yangi maktabgacha ta'lim muassasasi barpo etilib, foydalanishga topshirildi. Bu haqida tuman hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Mahallada jami 430 nafar bog'cha yoshidagi bolalar bo'lib, yangi muassasa ularning 120 nafarini maktabgacha ta'limga qamrab oladi. Zamonaviy, shinam va yorug' binoda bolajonlarning ta'lim-tarbiya olishlari uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Olis hududda tabiiy gaz bosimi pastroq ekanligi e'tiborga olinib, barcha mashg'ulot va yotoqxonalarga isituvchi to'shamalar (issiq pol) ham solingan.
Bog'chaning ochilishi marosimiga tashrif buyurgan tuman hokimi Rahimjon Rixsiyev mahalla nuroniylari, uy bekalari bilan dildan suhbatlashdi. Rahbar va mahalladoshlar hududni yanada obod qilishda yana qaysi jihatlarga ahamiyat berish kerakligi to'g'risida fikr almashdi. Otaxonlar el-yurtga tinchlik, farovonlik tilab duo qildilar.
— Hududda bolalarni maktabgacha ta'limga qamrab olish uchun sa'y-harakatlar o'z natijasini bermoqda, — deydi tuman hokimi o'rinbosari Sarvar Hamdamov. — Fayzobod mahallasida 50 o'rinli davlat-xususiy sherikchilik asosidagi bog'cha, mana bugun 120 o'rinli davlat muassasasi faoliyat boshladi. Shuningdek, Qashqadaryo qishlog'ida ham davlat-xususiy sherikchilik asosida 90 o'rinli yana bir bog'cha qurilmoqda.