Federatsiya raisi xalqaro forumda ishtirok etdi

    Bugun, 10-noyabr` kuni O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsisi raisi Jahongir Sarimsoqov Rossiya sifat tizimi – “Roskachestvo” rahbari Maksim Protasovning taklifiga binoan shu kunlarda Xalqaro sifat kuniga bag'ishlab o'tkazilayotgan xalqaro forumda Xorazm viloyatidagi xizmat safari chog'ida onlayn ishtirok etib, nutq so'zladi.

    Forumning “Iste'molchilar haqlarini himoya qilish: mijoz har dom ham haqmi?” sessiyasida ma'ruza qilgan J.Sarimsoqov federatsiyada iste'molchilar haqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so'z yuritar ekan, 2017-2020 yillarda iste'molchilardan 55 mingga yaqin murojaat va shikoyat kelib tushganini va 50 milliard so'mga yaqin pul iste'molchilar foydasiga undirib berilgani, ya'ni jami shikoyatlarning 93 foizdan oshig'i ijobiy hal etilganini qayd etdi.

    Rais federatsiya iste'molchilarning huquqiy savodxonligini, iste'mol madaniyatini oshirish borasida an'anaviy usullar bilan cheklanib qolmasdan, innovatsion yo'l tutib, shu kungacha tuman va shaharlarda 50 tadan oshiq “Iste'molchilar uyi” va “Iste'molchilar kutubxonasi” qurilganini, o'sha joylarda iste'molchilarga bevosita huquqiy yordam ko'rsatilayotgani haqida so'zlab berdi.

    – Bundan tashqari, – dedi J. Sarimsoqov, – iste'molchilar haqlarini himoya qilishda chet el tajribasini o'rganish muhim ahamiyatga ega. Federatsiya shu maqsadda ko'plab chet el va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'ymoqda.

    Bunday hamkorlik, o'zaro tajriba almashuvning yorqin misoli sifatida federatsiya tashabbusi bilan 2020-yil yanvarida o'tkazilgan Birinchi Evropa va Osiyo iste'molchilar forumi va shu yilning 23-25 noyabr` kunlari Xorazm viloyatining Urganch va Xiva shaharlarida o'tkazilajak “Turizm sohasida iste'molchilar huquqlarini himoya qilish bo'yicha “SAYYOH-2021” xalqaro forumini misol qilib keltirish mumkin.

    J.Sarimsoqov ma'ruzasi so'nggida “Xalqaro sifat kuni” xalqaro forumi barcha ishtirokchilarini ushbu tadbirga taklif qildi. Uning taklifi mamnuniyat bilan qabul qilindi.