Federatsiyaning 38 vakili hokim yordamchisi sifatida ish boshladi

    Davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan barcha islohotlar inson va uning qadr-qimmati uchun xizmat qilayotganini bugun barchamiz o'z hayotimiz misolida yaqqol his etmoqdamiz.

    O'tgan yillar mobaynida amalga oshirilayotgan islohotlar odamlarimizni qiynab kelayotgan muammolarga barham berib, ularda rozilik hamda minnatdorlik hissini uyg'otmoqda.

    Davlatimiz rahbarining joriy yil 3-dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta'minlash va kambag'allikni qisqartirish bo'yicha davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlari to'g'risida”gi farmoni ham xalqimizning manfaatini o'ylab o'z vaqtida qabul qilingani bilan ahamiyatlidir.

    Aholimizning aksariyatida tadbirkorlik bilan shug'ullanishga bo'lgan qiziqish yuqori. Lekin aksariyat holatlarda ular biror ishning boshini tutishiga, o'z loyihasini amalga oshirishiga imkoniyati yo'q, qurbi etmaydi. Yuqoridagi farmon bilan ana shunday insonlarga ko'maklashish tizimini yanada faol tashkil etish ko'zda tutilgan.

    Mazkur hujjat bilan 2022-yil 1-yanvardan boshlab har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta'minlash va kambag'allikni qisqartirish masalalari bo'yicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi lavozimlari ta'sis etildi.

    Ular mahalladagi ijtimoiy-iqtisodiy holatni xonadonbay o'rganadi, aholi bandlik darajasi, oilalarning daromad manbalari, tomorqa erlaridan foydalanish holati hamda daromadli mehnatga bo'lgan intilishi va ehtiyojlarini o'rganadi, tahlil qiladi va o'z o'rnida ularning turmush sharoiti, yashash tarzi yaxshilanishiga, daromadlari oshishiga ko'maklashadi.

    Faxr bilan aytishimiz mumkin, O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tizimida mehnat qilib kelayotgan 38 nafar xodim Prezidentimiz farmoni bilan yangi tashkil etilgan hokim yordamchisi lavozimlariga loyiq topilib, o'z faoliyatini boshladi.

    Tizimimiz xodimlariga bildirilgan bunday ishonch — Federatsiyamiz uchun yuksak sharaf.