Fermer ekin maydoniga uy-joy qurgani aniqlandi

    Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo'zg'atilib, tergov harakatlari o'tkazilmoqda.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uzun tuman boʻlimi tomonidan Kadastrlar agentligi tuman boʻlimining murojaatiga asosan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda “O.F.” fermer xoʻjaligi rahbari A.R. ushbu fermer xoʻjaligining yuqori bonitetli sugʻoriladigan ekin yer maydonining 10 sotixini, shuningdek, “B.B.” MCHJ rahbari Oʻ.M. va boshqalar “Sh.A.” fermer xoʻjaligining 1 gektar sugʻoriladigan ekin yer maydonini oʻzboshimchalik bilan egallab olib, yerning unumdor qatlamiga zarar yetkazgan holda uy-joy qurishni boshlaganliklari aniqlangan.

    Xuddi shunday, Departamentning Koʻkdala tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “D.N.” fermer xoʻjaligi rahbari E.D. fermer xoʻjaligining 16 sotix sugʻoriladigan ekin yer maydonini oʻzboshimchalik bilan egallab olib, yerning unumdor qatlamiga zarar yetkazgan holda uy-joy qurishni boshlaganligi aniqlangan.

    Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 229-1-moddasi (yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallab olish) va 229-6-moddasi (sugʻoriladigan yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga boʻlgan huquqni sotish yoxud qonunga xilof ravishda boshqacha tarzda oʻzga shaxsga berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.