Nizom bilan quyidagilar belgilandi:
- tadbirkor hisoblangan yuridik shaxslarning jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi va ijtimoiy soliq boʻyicha soliq hisobotiga muvofiq joriy hisobot yilida yaratilgan yangi va mavsumiy ish oʻrnini hisobga olish tartibi;
- davlat xizmatlari markazlari tomonidan yangi tashkil etilgan yakka tartibdagi tadbirkorlar, usta hunarmandlarning shogirdlari, oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar va dehqon xoʻjaliklari boʻyicha davlat soliq organlariga taqdim etilgan maʼlumotlari asosida yaratilgan yangi ish oʻrinlarini hisobga olish tartibi;
- tadbirkor hisoblangan yuridik shaxslar tomonidan yakka tartibdagi tadbirkorlar va ularning yollanma xodimlari, usta hunarmandlar shogirdlari, oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar, dehqon xoʻjaliklari hisobidan yaratilgan yangi ish oʻrinlarini avtomatlashtirilgan dasturda hisobga olish tartibi.
Bunda yaratilgan yangi ish oʻrinlarining hisobi Davlat soliq qoʻmitasining avtomatlashtirilgan dasturi orqali yuritiladi.
Yuridik shaxslarda mehnat shartnomasi asosida (qurilish korxonalarida qonunchilikka asosan shartnoma tuzmasdan) yollangan xodimning ish joyi ish oʻrni hisoblanadi.
Fermer xoʻjaliklari hamda klasterlar, turizm, ipak qurtini koʻpaytirish va qurilish faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslardagi mavsumiy ish joyi ish oʻrni hisoblanadi.
Fermer xoʻjaliklari va klasterlar foydalanishidagi past hosilli paxta va gʻalla ekinlaridan qisqartirilgan yerlar hisobidan 0,1 gektardan 1 gektargacha ijara huquqi asosida fuqarolarga yer maydonlari ajratilganda, ular dehqon xoʻjaligi sifatida davlat roʻyxatidan oʻtganda ish oʻrni sifatida hisobga olinadi.
Yaratilgan yangi ish oʻrinlari boʻyicha maʼlumotlar hisobot davri yakuni bilan soliq hisobotlarini taqdim etishdan soʻng 5 kunda avtomatlashtirilgan dasturda shakllantiriladi.