Tadbir Prezidentning tadbirkorlar bilan oʻtkazadigan ochiq muloqoti arafasida ilgʻor fermerlar ishtirokida tashkil etildi.
Konferensiyada sohadagi mavjud muammolar, ularning yechimi boʻyicha takliflar va kelgusidagi rivojlanish yoʻnalishlari muhokama qilindi. Soʻnggi yillarda fermerlar huquqlarini himoya qilish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, imtiyozli kredit va soliq yengilliklarini berish, kooperatsiya aloqalarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha huquqiy asoslar yaratildi.
2025-yilda 91,9 mingdan ortiq fermer xoʻjaligi ixtiyorida 3,85 mln gektar yer mavjud. Shu yilning birinchi yarmida 15 mingdan ortiq fermer koʻp tarmoqli faoliyat yoʻlga qoʻydi. Mamlakatda 9 mln tonna don, 16 mln tonnadan ziyod sabzavot va poliz, 5 mln tonna meva va uzum, 15 mln tonnadan ortiq goʻsht va sut, 30 ming tonna pilla yetishtirildi.
Fermerlar yerdan unumli foydalanish, hosildorlikni oshirish, takroriy ekinlar yetishtirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Joriy yilda 896,5 ming gektar gʻalladan boʻshagan maydonda takroriy ekinlar yetishtirilishi rejalashtirilgan. “Yashil makon” loyihasi doirasida 24,8 mln dona koʻchat oʻtqazildi.
Sohani moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2025-yilning birinchi yarmida “Agrosubsidiya” tizimi orqali 242,6 mlrd soʻm subsidiya, Fermer xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan 24,6 mlrd soʻm ajratildi. Shu davrda 847,6 ming fuqaro, jumladan 126,1 ming xotin-qizning bandligi taʼminlandi.
Konferensiyada ekin maydonlarini kengaytirish, suv resurslarini tejash, zamonaviy texnika joriy etish va fermerlarning bozor imkoniyatlarini oshirish asosiy vazifalar sifatida belgilandi.
Zulhumor Akbarova