Zero, yer resurslari juda katta ahamiyatga ega boʻlgan milliy boylikdir. Adliya vaziri Ruslanbek Davletov yuz.uz sayti muxbiriga sohaga doir amaldagi qonun hujjatlarining bugungi holati va kelgusida qilinishi kutilayotgan ishlar yuzasidan quyidagilarni soʻzlab berdi.
— Davlatimiz rahbari tomonidan, asosan, uchta yoʻnalish boʻyicha ishlashimiz yuzasidan topshiriqlar berildi.
Birinchi yoʻnalish yerdan foydalanish huquqlarini unifikatsiya qilishdir. Bugungi kunda yerdan foydalanishda asos boʻluvchi ijara huquqi, doimiy foydalanish huquqi, meros qilib qoldiriladigan umrbod huquq, vaqtincha foydalanish kabi turli huquqiy munosabatlar mavjud. Bu kabi huquqlar bugungi zamon talablariga mosmi, degan savolni beradigan boʻlsak, bu borada qilinishi kerak boʻlgan ishlar yaqqol koʻzga tashlanadi.
Ikkinchi yoʻnalish yer ajratish sohasidagi shaffoflikni taʼminlashdir. Xususan, fermerlarga yer ajratish tizimi soʻnggi yigirma yilda yangilanmagan eski qarorlar asosida amalga oshirib kelinmoqda. Qolaversa, bu tizimda oʻziga xos byurokratik toʻsiqlar bor. Qonunchilikda belgilangan muddatlarga amalda rioya qilinmaydi.
Yaratilayotgan yangi tizim orqali axborot texnologiyalarini qoʻllagan holda shaffof, har bir ishtirokchi huquqi va manfaatini eʼtiborga oladigan, jamoatchilik nazorati taʼminlangan, korrupsiyadan xoli mexanizm yaratilishi kerak.
Uchinchi yoʻnalish esa yer munosabatlarini barqaror rivojlantirish va bu sohani investitsiya obyektiga aylantirish zaruratidir. Jozibadorlikni oshirish uchun yerni davlat organlari tomonidan olib qoʻyish asoslarini qonuniy nuqtayi nazardan qayta koʻrib chiqishimiz va mustahkamlashimiz kerak.
Ayni paytda bu yoʻnalishda tegishli mutaxassislar ishtirokida ishchi guruh tuzilgan. Tez orada tegishli hujjatni butun jamoatchilikka eʼlon qilib, takliflar kiritamiz.