Yurtimizda tugʻish yoshidagi ayollar sogʻligʻini muhofaza qilishga Reproduktiv salomatlik markazi, homiladagi nuqsonlarni aniqlashga – Skrining markazi, farzand koʻrish jarayoniga – Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi masʼul hisoblanadi.

Ana shu uch muassasa faoliyatini zamonga hamnafas ravishda takomillashtirib borish masalasi davlatimiz rahbari tomonidan ham alohida taʼkidlangan edi.

Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mazkur yoʻnalishdagi eng yirik ilmiy-amaliy majmua boʻlib, yetakchi innovatsion texnologiyalarni, diagnostika, davolash, profilaktika va reabilitatsiya usullarini ishlab chiqish hamda joriy qilish asosiy vazifalaridan hisoblanadi.

Markazda yoʻlga qoʻyilayotgan ana shunday zamonaviy innovatsiyalardan biri fetal tibbiyot tajribasi boʻlib, barcha rivojlangan davlatlarda bu yoʻnalishga alohida eʼtibor beriladi.

Fetal tibbiyot nima?

— Fetal tibbiyot markazlari ilm-fan yuqori darajada rivojlangan, malakali kadrlar jamoasiga ega boʻlgan muassasalar tarkibida faoliyat olib boradi, — deydi RIAGIATM direktori. Natalya Nadirxanova — Sohaning jadal rivojlanishi orqali shunday imkoniyatlar yuzaga keldiki, endilikda biz bevosita ona qornidagi homila shakllanishiga va uning sogʻligiga bevosita taʼsir qila olishimiz mumkin.

Fetal tibbiyotning mohiyati shunda! Homila va unda bajariladigan amaliyotlar oʻziga xos xususiyatlarga ega.

Fetal tibbiyot usullari kam uchrovchi patologiyalar hisoblanadi. Uning natijasini koʻrish uchun ham bemor oylar davomida kuzatuvda boʻlishi va kerakli davo muolajalarini olishi talab kilinadi.

Shunga qaramay, ushbu sohaning rivojlanishi bilan bunday amaliyotlarga muhtoj aholi qatlami chet elga borib davolanishiga hojat kolmaydi.

Fetal tibbiyot qachondan yurtimizga kirib keldi?

Markazimizda 2021-yilning iyul oyidan boshlab Oʻzbekistonda shu kungacha mavjud boʻlmagan, yuqori texnologiyali innovatsion tibbiyotning bir qismi hisoblangan “fetal tibbiyot” yaʼni “homila tibbiyoti” boʻlimi faoliyat boshlagan.

Bunda har bir bemor oʻz shifokoriiga ega boʻlgani kabi ona qornidagi homila xam oʻz mutaxassisiga ega boʻladi.

Homilaga toʻlaqonli bemor sifatida qaraladi va u barcha tibbiy huquqlarga ega hisoblanadi.

Bunda bemor, yaʼni asosiy obyekt homila boʻlganligi uchun ham barcha diagnostik va davolash usullari aynan homilaga karatilgan boʻladi.

Bu orqali homilaning ona qornidalik davridayok baʼzi kasalliklarini davolab, bir necha turdagi jarrohlik amaliyotlari oʻtkazib, bolaning sogʻlom dunyoga kelishi taʼminlanadi.

Natijada yurtimizda bolalar oʻrtasidagi tugʻma nogironlik va oʻlim koʻrsatkichlari sezilarli darajada kamayishiga erishiladi.