Bu haqda Sanepidqoʻmita axborot xizmati maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, 520 ming doza grippga qarshi vaksina davlat mablagʻlari hisobidan xarid qilinib, hududlarga yetkazib berilgan.

Mutaxassislar taʼkidlashicha, bolalar, ayniqsa, maktabgacha yoshdagi tarbiyalanuvchilar grippga nisbatan eng himoyasiz qatlam hisoblanadi. Ular jamoada koʻp boʻlgani sababli virus tez tarqaladi. Fevral oyida oʻtkazilayotgan emlash bolalarni pnevmoniya, bronxit, otit kabi ogʻir asoratlardan himoya qilish, shuningdek, bogʻchalarda ommaviy kasallanishning oldini olishga qaratilgan.

Taʼkidlanishicha, gripp viruslari fevral–mart oylarida ham faol aylanishda boʻladi. Emlashdan keyin 10–14 kun ichida organizmda immunitet shakllanib, bola mavsum oxirigacha himoyalangan boʻladi. Ayni paytda ushbu davrda kasallikning ogʻir kechish xavfi yuqori boʻlgani bois, vaksina kasallanishni toʻliq oldini olmasa-da, uni yengil shaklda oʻtishiga va asoratlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Emlash jarayonida bolalar avval shifokor koʻrigidan oʻtkaziladi va sogʻlom deb topilgan tarbiyalanuvchilar grippga qarshi emlanadi.

Mutaxassislar ota-onalarni bolalarni oʻz vaqtida emlatishga chaqirib, grippga qarshi vaksinalar xavfsiz va samarali ekanini taʼkidlamoqda.