Shu munosabat bilan Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi ushbu masalaga oydinlik kiritdi.

Hozirgi kunda nikoh uylarini qayta tashkil etib, ularni FHDYO boʻlimlariga aylantirish rejalashtirilmoqda.

Amaldagi tartibga koʻra, Nikoh uylari faqat nikohni rasmiylashtiradi. FHDYO boʻlimlari tomonidan esa 4 ta (tugʻilish, nikoh, ajrim va oʻlim) turdagi harakatlar amalga oshiriladi.

Aslida, Nikoh uylari mustaqilligimizning ilk yillarida barcha FHDYO organlarida yetarlicha sharoit boʻlmagan, binolar bilan bogʻliq muammolar fonida aholining nikohni tantanali qayd etilishiga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash uchun ayrim hududlarda tashkil etilgan edi.

Hozirgi kunda, FHDYO organlarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanishi tufayli barcha FHDYO organlarida nikohni tantanali qayd etish uchun alohida xonalar va sharoitlar yaratilgan.

Shundan kelib chiqib, nikoh uylarini saqlab turishning zaruriyati qolmaganligi sababli, nikoh uylarini qayta tashkil etib, ularni FHDYO boʻlimlariga aylantirish rejalashtirilmoqda.

Bundan koʻzlangan maqsad esa adliya organlari faoliyatini optimallashtirish, xodimlarga kelayotgan ish yuklamasini toʻgʻri taqsimlash, binolardan unumli foydalanishdir.