Poytaxtimizdagi yirik savdo majmualarida hamda bozorlarda DXA Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan sayyor qabullar oʻtkazildi. “Oʻzimiz keldik” loyihasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tashabbusi boʻlib, fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida tashkil qilingan. Respublikamizning barcha tuman (shahar)lari dehqon bozorlari hamda savdo majmualarida davlat xizmatlari, jumladan, FHDYO sohasiga oid xizmatlar sayyor tartibda taqdim etilmoqda.

Sayyor qabullarda fuqarolarga davlat xizmatlari koʻrsatilishi bilan birga, sohaga oid bepul huquqiy maslahatlar ham berildi hamda saylov qonunchiligi boʻyicha targʻibot va tashviqot ishlari oʻtkazildi.

Kuni kecha DXA Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi dehqon va buyum bozorlari, savdo majmualaridagi tadbirlarda 500 dan ortiq fuqaroga huquqiy tushuntirish berildi, 100 dan ortiq sayyor xizmat koʻrsatildi.

Eslatib oʻtamiz, kelgusi yakshanba 17-oktyabr kuni ham bozorlarda loyiha davom etadi, deb xabar beradi Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi axborot xizmati.