— Joriy yilning 1-aprelidan FHDYO organlari Davlat xizmatlari agentligi tasarrufiga oʻtishi bilan ushbu yoʻnalishda ancha oʻzgarishlar kutilmoqda, — dedi Ulugʻbek Muxammadiyev. — Misol uchun, endilikda FHDYO organlarini tugʻilish, oʻlim, nikoh va ajrim toʻgʻrisidagi gerbli guvohnomalari bilan Davlat xizmatlari agentligining buyurtmalariga asosan toʻgʻridan-toʻgʻri taʼminlash tartibi joriy etilmoqda. Yaʼni “ZAGS” va Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik missiyalariga tegishli gerbli guvohnomalar yana-da tezkorroq yetkaziladi.
Ilgari 16 yoshdan oshgan, tugʻilishi qayd etilmagan shaxslarning tugʻilganligini qayd etish faqat sudning hal qiluv qarori asosida amalga oshirilar edi. Endi tegishli tibbiy maʼlumotnoma mavjud boʻlsa, uning tugʻilishi ota-ona yoki ulardan biri va voyaga yetgan bolaning arizasiga koʻra FHDYO organi tomonidan qayd etiladi.
Shuningdek, tizimda bir qator hujjatlarni olish tartibi soddalashtirildi. Masalan, fuqarolik holatlari, jumladan, nikoh yoki tugʻilganlikni qayd etish endilikda gerbli guvohnomalar taqdim etilgandagina emas, balki, FHDYO arxivi maʼlumotnomalari asosida ham amalga oshirilishi imkonini beradi. Bu esa fuqarolarning naqdi va vaqtini tejashga xizmat qiladi.
Bola tugʻilganda beriladigan suyunchi puli, dafn marosimi uchun bir marotabalik nafaqa pullarini olish uchun maʼlumotlar ham endi qoʻlma-qoʻl fuqarolarga berilmasdan, Pensiya jamgʻarmasiga maxsus elektron tizim orqali toʻgʻridan-toʻgʻri yuboriladi.
Bu borada, avvalo, Agentlik oʻz saflarini salohiyatli kadrlar bilan toʻldirishga harakat qilmoqda. Chunki sifatli va xalq ishonchini qozona oladigan xizmatlarni faqatgina vijdonli va mehnatsevar jamoa bilan erishish mumkin
Shu bois ham, tasarrufiga FHDYO sohasini qabul qilgan DXA, birinchi navbatda tizimda faoliyat yurituvchi xodimlarni attestatsiyadan oʻtkazish ishlarini boshladi. Eʼtiborlisi, shaffoflikni taʼminlash uchun ushbu sinovlar Adliya vazirligi mutaxassislari tomonidan oʻtkazilib, tizimda yuqori tajribali kadrlar qolishi taʼminlanadi.
Bundan tashqari, endilikda, FHDYO organlarida texnik xodim boʻlib hisoblanuvchi arxivarius lavozimi tugatilib, boshqaruvchi hisoblanmish 1 va 2-toifali inspektor lavozimlari joriy etiladi. Yaʼni, sohaga tegishli maʼlumotga ega, tashabbuskor, malakali kadrlar jalb qilinadi.
Barchaga ayon, korrupsiya holatlarining oldini olish uchun, avvalambor xodimlarga munosib ish sharoitini yaratib, qilgan mehnatiga adolatli haq toʻlanishi lozim. Chunki yaxshi maosh olgan xodim, vazifasini sidqidildan bajarishga harakat qiladi. Soʻnggina nazoratni kuchaytirish lozim. Bu borada “ZAGS” xodimlari mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari boʻyicha Agentlikning hududiy boshqarmalari boʻlimlari xodimlariga tenglashtiriladi.
Bu bilan FHDYO xodimlari oylik ish haqlari oʻrta hisobda 3 baravarga oshishi, FHDYO organi mudirasi ish haqi 5,0 mln. soʻmga (1,5 mln. soʻm boʻlgan), 1 va 2-toifali inspektorlar ish haqi 3,2-3,5 mln. soʻmga yetishi (1,2-1,3 mln. soʻm boʻlgan) koʻzda tutilmoqda.
Adolatni taʼminlash uchun FHDYO boʻlimlari va nikoh uylari mudirlari, inspektorlari hokimliklar tizimidagi ishlagan davri koʻp yil ishlaganligi uchun ustamalar toʻlash hamda martaba darajalari olishga zarur boʻlgan ish stajiga qoʻshiladi. Shu bilan birga, ularga qoʻyiladigan talablar ham shunga yarasha boʻladi.