FIA bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda avtomobil sportining yangi yoʻnalishlari joriy etiladi

    Sport 13 Dekabr 2025 240

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi rasmiy delegatsiya Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA) Prezidenti Muhammad Ben Sulayem bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston bilan FIA oʻrtasidagi hamkorlikni yangi darajaga olib chiqish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Jumladan, mamlakatda avtosport infratuzilmasini rivojlantirish, xalqaro musobaqalarni tashkil etish hamda sportchilar uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratish boʻyicha istiqbolli tashabbuslar koʻrib chiqildi.

    Shuningdek, Oʻzbekistonda yirik sport loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani taʼkidlanib, FIA bilan hamkorlik avtomobil sportining yangi yoʻnalishlarini joriy etish va yurtni mintaqaviy yetakchi markazga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, mutaxassislar malakasini oshirish hamda xalqaro turnirlarni oʻtkazish boʻyicha kelgusi rejalarni belgilab oldi.