Ayni paytda akademiyada 8 yarim mingdan ziyod talab tahsil olmoqda. Ularga 810 nafar professor-o'qituvchi dars berib kelmoqda. Pedagoglarning 194 nafari fan doktori, 268 nafari fan nomzodi (yoki PhD). Ilmiy salohiyat 57,1 foizni tashkil etadi.
Rossiya, Turkiya, Belarus`, janubiy Koreya, Hindiston, Germaniya va Qozog'iston bilan ilmiy hamkorlik o'qitish sifati va samarasiga ijobiy ta'sir etmoqda.
Joriy o'quv yilidan akademiyada pediatriya, farmatsiya va stomatologiya bakalavriat ta'lim yo'nalishlari ochildi. SHuningdek, simulyatsion ta'lim kafedrasi hamda raqamli tibbiyot o'quv markazi tashkil etildi.
Qo'shimcha 550 nafar o'ringa mo'ljallangan o'quv binosi barpo qilindi. Akademiya bosh o'quv binosining rekonstruktsiyasi yakunlanib, 3 ming talaba o'qishiga imkoniyat yaratildi. 27,9 milliard so'mlik ilmiy laboratoriya jihozlari, 22,5 milliard so'mlik simulyatsion jihozlar va 382 ta komp`yuter xarid qilindi.
O'quv modullari talablariga muvofiq, asosiy tibbiy va maxsus tibbiy ko'nikmalarni shakllantirish imkonini beruvchi trenajerlar, fantomlar, kompyuterlashtirilgan simulyatorlar bilan jihozlangan va haqiqiy tibbiy uskunalar o'quv muhitini shifoxona muhitiga imkon qadar yaqinlashtiradi.
Tantanali tadbirda fidoyi ustozlar ulug'landi. Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori, professor A.SHodmonov hamda bir guruh professor-o'qituvchilar Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Oliy ta'lim a'lochisi” ko'krak nishoni bilan mukofotlandi.
Tadbir so'ngida teatr aktyor va aktrisalari ijrosidagi “CHiroylisan, muhabbat!” spektakli namoyish etildi.