Pandemiya sharoiti, buyogʻi qish eshik qoqib turibdi... Bozorlarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan toʻldirish, zaxira yaratish, narx-navo barqarorligini saqlash masalalari oldimizdagi eng muhim vazifalardan sanaladi. Bunda, albatta, usta dehqonlar, fermerlar va tadbirkorlar mehnati, yordamiga suyaniladi.
Shu maʼnoda, fargʻonalik masʼul rahbarlar, dehqonu fermerlar, tadbirkorlar ham oziq-ovqat zaxirasini yaratish, mahsulotlar narxi barqarorligini taʼminlashga astoydil bel bogʻlagan.
Markaziy Fargʻona choʻlining qoq markazi bir vaqtlar qamishzor va qarovsiz edi. Toʻrt yildan buyon bu yerda sunʼiy koʻllar hosil qilinib baliq yetishtirilmoqda.
Zamonaviy texnologiyalar asosida baliq yetishtirishga ixtisoslashgan Oltiariq tumanidagi “Fargʼona baliq sanoat” MCHJga Xitoydan zamonaviy texnologiyalar keltirib oʻrnatildi. Majmuada inkubatsiya sexi, omixta yem ishlab chiqarish tarmogʻi, baliqni qayta ishlash va shok usulida muzlatish faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Loyihaning yillik quvvati 1000 tonna baliq yetishtirish va 200 tonna baliqni qayta ishlashga moʻljallangan. Loyihani toʻliq amalga oshirish uchun Yozyovon tumanidagi Markaziy suv ombori sunʼiy suv havzasi mazkur korxonaga doimiy foydalanishga berildi.
– Tumanning Qiziltepa massividagi 150 gektar maydonda sunʼiy koʻllar va suv havzalari barpo etish, jahon bozorida xaridorgir baliq turlarini yetishtirishni maqsad qilganmiz, – dedi tadbirkor Mirzarasul Mamatov. – Oʻtgan davr mobaynida choʻlda zamonaviy texnika vositalari yordamida qazish, tekislash, qum barxanlarini jilovlash ishlari olib borildi. Asosan qishloq xoʻjaligi, baliqchilik, bogʻdorchilik bilan shugʻullanamiz. Korxona tomonidan 2020-2021-yillarda baliq yetishtirish va baliqni qayta ishlash investitsiya loyihasi ishlab chiqilgan. Loyihaning jami qiymati 32 milliard 600 million soʻm. Hozirgi kunda birinchi bosqich amalga oshirilib 100 gektar yer maydonida 20 ta baliq koʻli tashkil etildi. Ushbu koʻllarda sazan, amur, oq-baliq, bakrabaliq, doʻngpeshonakabi baliq turlari yetishtirilmoqda. Baliq ozuqasini oʻzimiz ishlab chiqaramiz. Shuningdek, yil oxirigacha mahsulotni qayta ishlashni yoʻlga qoʻymoqchimiz. Buning uchun Xitoydan uskunalar olib kelingan. Joriy yilda 500 tonna, keyingi yilda 1000 tonna baliq yetishtirishni rejalashtiryapmiz.
Loyiha doirasida ozuqa bazasini yaratish, yuqori oqsilli baliq yemini ishlab chiqarishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu bois, loyiha tashabbuskorlari tomonidan koʻllarda tabiiy sharoit yaratish bilan birga zarur darmondorilar qorishmasidan iborat, ilgari xorijdan keltirilgan granulalar, baliq yemi ishlab chiqarishga ham kirishildi. Natijada bu yerda 30 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratildi.