Dunyoning eng obroʻli brendlari, kompaniyalar ishtirok etgan “Micam” koʻrgazmada “Oʻzcharmsanoat” uyushmasiga aʼzo “San+One” brendi oʻzining 15 turdagi poyabzal modellari bilan ishtirok etdi. YEI va Italiyaning bayer va distribyuterlari bilan boʻlib oʻtgan muloqotlarda milliy brendimizni Italiya bozoriga olib kirish va mahsulotlar savdosini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Xususan, Italiyaning “Femon” kompaniyasi “San+One” brendidan 2 000 ming juft erkaklar poyabzallarini xarid qilishni boshlaydi. Umumiy hisobda 100 ming dollarlik poyabzallar tez fursatda Italiya savdo tarmoqlarida savdoga chiqariladi.

“Simac Tanning Tech” xalqaro koʻrgazmasida esa Oʻzbekiston delegatsiyasi yirik investitsiya shartnomasini imzoladi. “Bauce 1970” kompaniyasi bilan olib borilgan muzokaralar natijasida charm-poyabzal yoʻnalishida Surxondaryoda amalga oshirilayotgan Oʻzbekistondagi eng yirik klaster loyihasi endi Italiya texnologiyalari bilan toʻldiriladi. “Bauce 1970” kompaniyasi “Top Quality Brand” ostidagi klaster loyihasi doirasida 5 million 200 ming yevrolik shartnomani imzoladi. Italiya kompaniyasi vakilining soʻzlariga koʻra bugungi kunda Oʻzbekiston klasterlarni tashkil etishga alohida eʼtibor qaratyapti.

Charm-poyabzal yoʻnalishidagi eng yirik klaster loyihasi “Top Quality Brand” korxonasini tashkil etishda texnik koʻmak koʻrsatish, tayyor va yarim tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarishda ishtirokimiz bizni quvontiradi. Men Italiya kompaniyasi vakili sifatida ishonch bilan ayta olaman, mazkur korxonada ishlab chiqariladigan mahsulotlar toʻliq Italiya standartlariga mos keladi. Mahsulotlar esa xorijga eksport qilinadi. Bugungi imzolangan shartnoma esa loyihani tez fursatda ishga tushirishning navbatdagi bosqichi boʻldi dedi “Bauce 1970” kompaniyasi savdo menejeri janob Dorin Tibirna.

Yevropaning charmsanoati rivojlangan mamlakatlaridan biri Ispaniyada ham bizning tayyor charm mahsulotlariga talab ortgan. “Lineapelli” xalqaro koʻrgazmasi doirasida Sirdaryoda joylashgan “Peng-Sheng” kompaniyasi Ispaniyaning “Inter Leather” kompaniyasi bilan 2 million dollarlik shartnomani koʻlga kiritdi. Endilikda mamlakatimiz charmsanoatining eksport geografiyasiga Ispaniya ham qoʻshildi.

Shuningdek, YEIning “Leather Working Group” kompaniyasi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasiga aʼzo korxonalarga xalqaro sertifikatlarni berishni boshlaydi. Bu esa milliy mahsulotlarimizning Yevropa bozorlarida erkin sotilishini taʼminlaydi. Shuningdek, savdo-iqtisodiy hamkorlik, taʼlim, kooperatsiyani taʼminlash, ishlab chiqarishda tajriba almashish kabi yoʻnalishlarda YEIning koʻplab tashkilotlari bilan memorandumlar imzolandi.

“FIERA MILANO” doirasida boʻlib oʻtgan koʻrgazmalar xar bir ishtirokchiga faoliyati uchun yangi quvvat, yangi hamkorlar, yangi gʻoyalarni taqdim etdi. Har bir stendda Oʻzbekiston bilan hamkorlikka shay boʻlgan xalqaro brendlar bilan kelgusi rejalar belgilab olindi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.