FIFA 11-dekabrdan boshlab jahon chempionati oʻyin chiptalari egalarini aniqlash maqsadida oʻtkaziladigan tasodifiy tanlov bosqichi uchun ariza qabul qilishni boshladi. Oʻzbekiston milliy jamoasi muxlislari ham tashkilot rasmiy saytiga kirib, ariza berish jarayonida “My team Uzbekistan” bandini tanlab, Oʻzbekiston uchun ajratilgan sektorlar boʻyicha chipta uchun soʻrov yuborishlari talab etiladi.

Qayd etish joiz, chipta egalari kelasi yil fevral oyida FIFA tomonidan oʻtkaziladigan tasodifiy tanlov orqali aniqlanadi va toʻlovlar arizada koʻrsatilgan karta maʼlumotlari asosida avtomatik amalga oshiriladi. Arizalar bugun, 12-dekabrdan 2026-yilning 13-yanvar kuniga qadar FIFA rasmiy saytidagi maxsus boʻlim orqali amalga oshiriladi.

JCH-2026 1-turi doirasida Oʻzbekiston – Kolumbiya oʻyini uchun eʼlon qilingan chiptalar narxi toifasiga qarab, 220dan 600 dollargacha narxlangan. Bu bahs 17-iyun kuni Meksikada 83 ming tomoshabin sigʻimiga ega Mexiko Sitidagi arenada boʻlib oʻtadi.

Barchaning diqqat markazida boʻladigan Oʻzbekiston – Portugaliya oʻrtasidagi bahs uchun chiqarilgan chiptalar narxi esa 265dan 700 dollargacha belgilangan. Bu oʻyin 23-iyun kuni AQSHning Xyuston shahridagi 72 ming sigʻimga ega stadionda boʻlib oʻtadi.

Guruhdagi 3-tur oʻyini doirasidagi Oʻzbekiston hamda saralash bosqich pley-off gʻolibi (Yangi Kaledoniya / Yamayka/ Kongo) oʻrtasidagi bahs uchun chipta narxi esa nisbatan arzon – 140dan boshlanib 450 dollargacha. 27-iyun kungi bu oʻyin AQSHning Atlanta shahridagi 75 ming tomoshabin sigʻimiga ega arenada boʻlib oʻtadi.

Eslatib oʻtamiz, noyabr oyida AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakat elchixonalari 2026-yilgi futbol boʻyicha jahon chempionati chiptalarini sotib olganlarga viza uchun suhbat belgilashda ustuvorlik berishini maʼlum qilgandi.

Koʻp oʻtmay, AQSH davlat kotibi Marko Rubio chipta egalari vizaga ariza berganidan keyin 6-8 hafta ichida suhbatga kirishi mumkin boʻlishini tasdiqlab, ammo chipta sotib olish – AQSHga viza olish kafolatini bermasligini aytib oʻtgandi.

Maʼlumot uchun, JCH-2026 11-iyundan 19-iyul kuniga qadar AQSH, Kanada va Meksikadagi jami 16ta stadionda oʻtkaziladi. Turnirda ilk bor 48 jamoa, shu jumladan Oʻzbekiston milliy jamoasi ham qatnashadi.