Sohil va yoʻl boʻyida servisni rivojlantirish boʻyicha 500 ta mahalla tanlab olingan.
Viloyat hokimlariga yer maydonlarini belgilab, auksionga chiqarish, ariq va zovurlarni yopiq tizimga oʻtkazib, kanal qirgʻoqlari va yoʻl chetini tekislab, tadbirkorlik loyihalari uchun sharoit yaratish topshirildi.
Tuman banklari bu joylarda kamida 5 ta doimiy ish oʻrni yaratadigan loyihalarga 1 milliard soʻmgacha kredit berishni yoʻlga qoʻyadi.
Kelasi yilda bu loyihalar hisobiga 50 ming odamni doimiy daromadli qilish muhim ekani qayd etildi.
Aholining daromadi oshishi bilan ovqatlanish, turizm, savdo xizmatlariga talab koʻpayib, shu yilning oʻzida 255 ta tunu kun ishlaydigan koʻcha ishga tushdi. Ularda 11 ming xizmat koʻrsatish obyektlari ish boshladi, 27 mingga yaqin aholining bandligi taʼminlandi.
Hokimlar kelgusi yilda bunga qoʻshimcha mingta mahallani bogʻlaydigan yana 200 ta koʻchani tashkil qilish tashabbusi bilan chiqqan.
Bir oyda aniq “yoʻl xaritasi”ni tuzib, ishni boshlab yuborgan hokimlarga har bir koʻcha uchun 4 milliard soʻmgacha mablagʻ ajratilishi belgilandi. Buni hisobidan 25 ming yangi ish oʻrni yaratilishi kutilmoqda.
Tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda ovqatlanish, savdo va servis sohasida oʻzining brendini yaratgan korxonalar butun respublika boʻyicha 100-150 tadan savdo nuqtasini ochib, kamida 3-5 mingta ish oʻrni yaratish tashabbusini bildirgan edi.
Viloyat hokimliklariga milliy brendlarning joylarda filial tashkil etish boʻyicha loyihalariga koʻmaklashish topshirildi.
Agar brendlar yangi ochiladigan filial uchun xodimlarni oʻzim oʻqitaman, desa, buning xarajati Bandlik jamgʻarmasidan qoplab beriladi.
Filialini koʻpaytirish istagidagi brendlar uchun yangi moliyaviy instrumentlar joriy qilinib, 2026-yilda bunga 500 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.








