Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov finlyandiyalik investorlarni qabul qildi.
Tadbir avvalida hokim mehmonlarga viloyatning iqtisodiy imkoniyatlari, taʼlim sohasida erishilgan yutuqlar haqida atroflicha maʼlumot berdi. Shuningdek, oʻz navbatida, finlyandiyalik investorlar oʻzlarining faoliyati va kompaniyalarining imkoniyatlari haqida soʻzlab berdi.
Muhokamalarda sentyabr oyiga qadar finlyandiyalik oʻqituvchilarni Buxoro viloyatidagi maktablarga jalb qilish, SASKY konsorsiumi bilan hamkorlikda professional taʼlim muassasalari bitiruvchilarini Finlyandiyaga oʻqish va ishlash uchun yuborish hamda oliy taʼlim boʻyicha hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish masalalari boʻyicha oʻzaro fikr almashildi.
Shu bilan birga, Buxoro va Turku shaharlari oʻrtasida birodarlik memorandumini imzolashga kelishib olindi.
Muzokaralar yakunida Edunation kompaniyasi vakillari Buxoro davlat universiteti va Buxoro muhandislik texnologiya instituti bilan hamkorlik memorandumlarini imzoladi.
Xususan, Buxoro davlat universiteti bilan imzolangan memorandumga koʻra, informatsion texnologiyalar, turizm, iqtisodiyot, biotexnologiyalar yoʻnalishida hamkorlik olib boriladi.
Bu jarayonda mutaxassis, talaba, tadqiqotchi va oʻqituvchilarga Finlyandiyada oʻqish, malaka oshirish va stajirovka oʻtash imkoniyatlarini yaratish, finlyandiyalik ekspertlarning Buxoro davlat universitetiga qisqa muddatli kurslarni oʻtib berish uchun kelishini tashkillashtirish, tomonlar oʻrtasida ilmiy, oʻquv-uslubiy sohalarda taʼlim resurslarini oʻzaro almashish kabilar nazarda tutilgan.