Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Finlyandiyaning Turku amaliy fanlar universiteti bilan hamkorligida “Axborot texnologiyalar va tadbirkorlik” bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Dasturning oʻziga xosligi shundan iboratki, unda talabalar 1+3 shaklida taʼlim oladilar. Ularga Finlyandiya kompaniyalariga ishga joylashish imkoniyati beriladi. Yaʼni, dastur ishtirokchilari dastlabki 1 yilni Oʻzbekistonda va keyingi 3 yilni Finlyandiyada oʻtkazadilar. Shuningdek, Finlyandiyaning yirik AKT kompaniyalari va startaplarida amaliyot oʻtashadi.

Dastlabki kelishuvlarga koʻra, qoʻshma taʼlim dasturi bakalavriat bosqichida “Axborot texnologiyalari va tadbirkorlik” hamda “Biznes axborot texnologiyalari va tadbirkorlik” taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha talabalarni qabul qilishi rejalashtirilgan.

Loyiha Yevropaning eng yirik innovator tadbirkori Piter Vasterbaka yetakchiligida amalga oshirilyapti, deb xabar beradi “Dunyo” AA.