Unda Ta'lim inspektsiyasi boshlig'i Ulug'bek Tashkenbayev, tegishli boshqarma va bo'lim boshliqlari hamda Finlyandiya milliy ta'lim agentligining hamkorliklar bo'yicha direktori Samu Seytsalo, agentlik loyiha rahbari Juni Kangasniemi va ekspertlar Raisa Venyalyaynen, Timo Yuntunen ishtirok etishdi.
Uchrashuv kun tartibidan joriy yilning 5-9 sentyabr kunlari rejalashtirilayotgan Finlyandiya delegatsiyasining O'zbekistonga tashrif dasturi hamda Ta'lim inspeksiyasi hamda Milliy ta'lim agentligi o'rtasida institutsional hamkorlik loyihasini amalga oshirish rejalariga doir qator masalalar o'rin oldi.
Shu bilan birgalikda Ta'lim inspeksiyasi xodimlarining ta'lim boshqaruvi bo'yicha salohiyatini oshirish, O'zbekiston va Finlyandiya ta'lim tizimi vakillari o'rtasida tajriba almashishga qaratilgan seminarlar va treninglar tashkil etish, O'zbekistonda ta'lim sifati va baholash tizimini takomillashtirish orqali Yevropa Oliy ta'lim hududiga kirish jarayonlarini takomillashtirish hamda Finlyandiya milliy ta'lim agentligi, Xelsinki universiteti bilan hamkorlikda O'zbek-fin Pedagogika instituti faoliyatini takomillashtirish uchun fin mutaxassislarini jalb qilishga doir masalalar yuzasidan ham o'zaro fikr almashildi, deb xabar beradi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Matbuot xizmati.