inlyandiyada maktabgacha ta’lim muassasalari 6 oydan 6 yoshga bo‘lgan bolalarni qabul qiladi. Ota-onalar  xohishiga ko‘ra bolalar 3 yoshgacha oila davrasida qolishi mumkin, ammo aksariyat hollarda ota-onalar mehnat faoliyati bilan band bo‘lganligi sababli erta yoshdan MTTlarga farzandlarini berishadi.

Bog‘chalar ertalab 06:00dan 17:00gacha faoliyat ko‘rsatadi, bundan tashqari  Yuvyaskyulya shahrida 7 kun davomida (1 hafta) ishlaydigan 1 ta  bog‘cha  faoliyat ko‘rsatadi. Bolalarga raqamlar va harflar o‘rgatiladi, lekin o‘qish va yozish MTTlarda o‘rgatilmaydi.

MTTlarda ota-ona hamda tarbiyachi o‘rtasida uzviy hamkorlik mavjud. Ota-onalarga 1 hafta oldin bolalar qanday mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishi hamda qanday ovqatlar iste’mol qilishi to‘g‘risida ma’lumot beriladi. Har bir bolaning tokchasida ushbu axborotlar yozilgan ma’lumotnoma 1 hafta oldin ilib qo‘yiladi.

Fin qonunchiligiga ko‘ra guruhda bolalar soni 8 tadan 14 tagacha bo‘ladi. 3 yoshgacha  bo‘lgan har 4 nafar  bolaga hamda 3 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan har 7 nafar bolaga 1 ta tarbiyachi yoki bog‘cha o‘qituvchisi jalb qilinadi.

Bog‘cha uchun oylik to‘lov belgilangan bo‘lib, u ota-onaning oylik daromadidan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Bundan tashqari har bir sinf burchagida e’lon doskasi mavjud. U yerda bolalar tomonidan kun davomida qilingan mashg‘ulotlar tushirilgan foto suratlar ilib qo‘yiladi va ota-onalar  farzandlari kun davomida nimalar bilan shug‘ullanganligini bilib olishlari mumkin.

Mazkur bog‘chalarda hamshira va shifokorlar yo‘q, agar bolalarning sog‘lig‘ida o‘zgarish bo‘lsa, ota-onalarga xabar beriladi. Farzandlarini sog‘lig‘i yomonlashgan hollarda ota-onalarining biriga farzandiga g‘amxo‘rlik qilishi uchun ishdan ruxsat beriladi.

Bolada yoshligidanoq navbatda turish, atrof-muhitga g‘amxo‘rlik, uy xo‘jaligi, jamoa bilan ishlash ko‘nikmalari shakllantirib boriladi.