Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan fuqaro D.R Jizzaxlik 300 nafardan ortiq shaxslarning pul mablagʻlarini oʻzlashtirganligi haqidagi xabar oʻrganildi.

Aniqlanishicha, fuqaro D.R, A.Gʻ va R.N lar jinoiy til biriktirgan holda 103 nafar jabrlanuvchilarni oʻzlari tayyorlagan soxta hujjatlar asosida Amerika Qoʻshma Shtatiga borishi uchun “Green card” lotereyasidan yutuq chiqqanligiga ishontirib, aldash yoʻli bilan ularning jami 2 mlrd 597 mln soʻm pul mablagʻlarini qoʻlga kiritgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Arnasoy tumani sudining tegishli hukmiga koʻra, D.R Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va boshqa moddalari bilan aybli deb topilib, unga nisbatan 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Mahkum D.R jazoni oʻtashiga monelik qiladigan ogʻir kasallikka chalingani sababli, unga nisbatan hukm bilan tayinlangan jazoning ijrosi 4 oyga kechiktirilgan. Jizzax viloyati sudi apellyatsiya instansiyasining tegishli ajrimiga koʻra, sud hukmi oʻzgarishsiz qoldirilgan.

Sud qarorlarining qonuniyligi oʻrganilganda, protest keltirish uchun asoslar topilmagan.

Bundan tashqari, A.Gʻ va R.N tergovdan yashiringani sababli, ularga nisbatan sudning ajrimiga koʻra, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilib, qidiruv eʼlon qilingan.