Fitoichimlik tayyorlash uchun maydalangan va kerakli miqdorda tortib olingan xom ashyo yoki kerakli miqdordagi filtr-paketlar olinib, xom ashyo miqdoriga mos, qopqogʻi jips berkitiladigan sirli idishga solinadi va ustiga xona haroratidagi qaynatilgan suv quyiladi. Suv qaynab chiqqach, (dorivor oʻsimlikni yer ustki qismi, oʻtlari, barglari, gullari va h.k.) yana 15 daqiqa qaynatilib, 45 daqiqa sovutiladi. Qaynatish va sovutish muddatlarini qisqartirish mumkin emas.

Ildiz va ildizpoyalar, poʻstloqlar, urugʻlar va shunga oʻxshashlar 30 daqiqa qaynatilib, soʻng 10 daqiqa sovutiladi. Suvli ajratmani sovutish muddati oʻtgandan soʻng ikki qavat dokadan suziladi va siqiladi.

Agar suvli ajratma 1-3 litr miqdorida tayyorlansa, unda qaynatish vaqti 10 daqiqaga uzaytiriladi va barglar, gullar, dorivor oʻsimlikni yer ustki qismlari uchun 25 daqiqa, ildiz va ildizpoya, poʻstloq va shu kabilar uchun 40 daqiqa deb belgilanadi.

Suvli ajratmalarni damlash usuli bilan ham tayyorlash mumkin. Buning uchun tegishli miqdordagi xom ashyo (filtr paket) chinni idishga (katta choynak) solinadi va ustiga kerakli miqdordagi qaynab turgan suv quyiladi hamda maʼlum vaqtga ustini sochiq yoki biror boshqa narsa bilan oʻragan holda qoldiriladi. Soʻngra ikki qavat doka orqali suzib, siqib, isteʼmol uchun tayyorlanadi. Bu usulda termosdan ham foydalanish mumkin. Termosga kerakli xom ashyo (filtr-paket) va qaynab turgan suv quyilib, bir soatga qoldiriladi, soʻng ikki qavatli dokadan suzib siqiladi, deb yozmoqda doridarmon.uz sayti.