Fizika bo'yicha Nobel mukofoti sovrindorlari nomi ma'lum qilindi

    2024-yilgi fizika bo'yicha Nobel mukofoti amerikalik olim Jon Hopfild va kanadalik olim Jeffri Hintonga berildi.

    Ular “sun'iy neyrotarmoqlardan foydalangan holda mashinani o'rganish imkonini beruvchi fundamental kashfiyotlar va ixtirolar” uchun taqdirlandi.

    Mukofot saytida aytilishicha, Hopfild axborotni saqlash va qayta qurishga qodir tuzilmani ishlab chiqqan. Hinton ma'lumotlarning xususiyatlarini mustaqil ravishda ochishga imkon beruvchi usulni ixtiro qildi. Ushbu usul bugungi kunda qo'llaniladigan yirik neyrotarmoqlar uchun juda muhim ekanligi isbotlandi.

    Avvalroq tibbiyot bo'yicha Nobel mukofoti sovrindorlari e'lon qilingan edi. Ular amerikalik olimlar Viktor Ambros va Gerri Ravkan bo'lib, olimlar mikroRNK molekulalarini kashf etishdi va ularning genlarni posttranskriptsion tartibga solishdagi rolini aniqlashdi, deb xabar beradi mir24.tv.