Oʻzbekistonda ipoteka dasturlari va taʼlim kreditlari boʻyicha foiz stavkalari yil oxirigacha oʻzgarishsiz qoladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 8-aprel kuni imzolangan “Markazlashgan manbalar hisobidan ipoteka va taʼlim kreditlari uchun ajratiladigan mablagʻlar boʻyicha foiz stavkalarini belgilash toʻgʻrisida”gi qarorda maʼlum qilindi.
Qarorga muvofiq, Moliya vazirligi tomonidan tijorat banklariga ipoteka va taʼlim krediti uchun ajratiladigan resurs mablagʻlari boʻyicha amaldagi foiz stavkalar 2022-yil yakuniga qadar saqlanib qoladi. Xususan, amaldagi stavkalar ipoteka krediti uchun — 13 foiz, taʼlim krediti uchun — 10 foizni tashkil etadi. Shu bilan birga, banklar taʼlim maqsadlarida qarz oluvchiga 14 foiz stavkada kredit ajratadilar.
Hujjatda, shuningdek, Markaziy bank asosiy stavkani 14 foizdan pasaytirgan taqdirda, mazkur kreditlar boʻyicha foizlarni mutanosib ravishda kamaytirish koʻzda tutilgan.
Mart oyida Markaziy bank asosiy stavkani 17 foizga oshirish toʻgʻrisida qaror qabul qilganidan soʻng, yangi ajratiladigan kreditlar boʻyicha foiz stavkalari va kredit resurslari narxi oshishi kerak edi. Biroq prezident amaldagi stavkalarni yil oxirigacha saqlab qolish yuzasidan topshiriq berdi.
Yaqinda Markaziy bank jismoniy shaxslar uchun tijorat banklari xizmatlaridan foydalanishda qulaylik yaratish maqsadida www.bankxizmatlari.uz axborot portalini ishga tushirdi. Portalda foydalanuvchilar uchun kreditlar, omonatlar, valyuta ayirboshlash, xalqaro pul oʻtkazmalari va boshqa bank xizmatlari haqida batafsil maʼlumot olish, ularni oʻzaro taqqoslash hamda dastlabki hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoniyati mavjud.