Fojiali YTH: ...ularning biri 28 yoshda, biri 26 yoshda edi.

    Xavfsizlik 16 Oktabr 2020 1117

    Haydovchining qarama-qarshi yoʻnalishga chiqib ketishi oqibatida ikki nafar shaxs vafot etdi, yana ikki nafari shifoxonada.

    Jizzax viloyati Gʻallaorol tumani Buloqboshi QFY, Chuvulloq qishlogʻi hududidan oʻtgan avtomobil yoʻlida fojia bilan yakun topgan yoʻl transporti hodisasi roʻy berdi.

    2020-yil 15-oktyabr soat 16-00 da, Gʻallaorol tumani Buloqboshi QFY, Chuvulloq qishlogʻi hududidan oʻtgan Dashtobod- Zomin- Baxmal 4R-40 avtomobil yoʻlining 173-kilometrida Baxmal- Gʻallaorol yoʻnalishi boʻyicha harakatlanib kelayotgan “Nexia” rusumli avtomashinasi oʻziga nisbatan qarama-qarshi yoʻnalishda harakatlanayotgan boshqa bir “Nexia” rusumli avtomashinasi yoʻliga chiqib ketishi oqibatida, yoʻl-transport hodisasi sodir etilgan.

    Natijada, har ikkala avtomashina haydovchilari hodisa sodir boʻlgan joyda vafot etishgan. Ularning biri 28 yoshda, yana biri esa 26 yoshda edi.

    Shuningdek, har ikkala avtomashinaning bir nafardan yoʻlovchilari turli koʻrinishdagi tan jarohatlari olib, Gʻallaorol tumani tibbiyot birlashmasining jonlantirish boʻlimiga yotqizilgan.

    Mazkur holat yuzasidan Gʻallaorol tumani IIB huzuridagi tergov boʻlinmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining
    266-moddasi 3-qismi «a» bandi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

    Hozirda, tergov harakatlari olib borilmoqda, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti.