Fors ko‘rfazi mintaqasidagi yirik aviakompaniya bilan aloqalar yo‘lga qo‘yiladi

    Transport 27 Oktabr 2022 1405

    O‘zbekiston elchixonasida «Jazeera Airways» aviakompaniyasining O‘mondagi vakillari Maral Torkgashgai va Shayn Tomas bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

    Unda mamlakatimizga xorijiy sayyohlar sonini oshirish, O‘mon va Fors ko‘rfazi mintaqasi bozorlariga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksporti ko‘lamini kengaytirish masalalari muhokama etildi.

    Mamlakatimizning turizm salohiyati, O‘zbekiston aeroportlarida xorijiy aviatashuvchilar uchun yaratilayotgan qulayliklar haqida batafsil ma'lumot berildi.

    Jumladan, «Jazeera Airways» avikompaniyasi vakillariga Samarqandda ishga tushirilgan yangi xalqaro aeroport va u yerda joriy yil 1 oktyabrdan boshlab «Ochiq osmon» rejimi joriy etilgani ma’lum qilindi.

    «Jazeera Airways» avikompaniyasi vakillari O‘zbekiston tomoni bilan hamkorlikni rivojlanirish ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lishini ta’kidladi.

    — Hozirgi kunda aviakompaniya tomonidan sayyohlar uchun arzon va qulay reyslar taklif qilinyapti. Kelgusida parvozlar soni va yo‘nalishlarini yanada kengaytirish rejalari o‘rganilyapti, — dedi Maral Torkgashgai. — Bu borada O‘zbekiston bozori muhim yo‘nalish sifatida ko‘rilyapti.

    Tomonlar muhokama qilingan masalalar bo‘yicha aloqalarni yanada rivojlantirish va tegishli tashkilotlar bilan uchrashuvlar tashkil etishga kelishib oldi, deb xabar beradi «Dunyo» AA.