Kompaniya vakillariga dastlab bank tizimi va mamlakatdagi makroiqtisodiy sharoitlar haqida maʼlumot berildi. Uchrashuv davomida kapital bozorini rivojlantirishda Markaziy bankning roli hamda mamlakatdagi xususiylashtirish jarayonlari, ayniqsa, davlat banklarining xususiylashtirilishiga doir masalalar muhokama etildi.
Shu bilan birga, kompaniya xususiylashtirish borasida xorijiy davlatlarda amalga oshirgan muvaffaqiyatli loyihalari va tajribasi bilan oʻrtoqlashdi hamda xalqaro moliyaviy bozorlarga chiqish, xorijiy investorlarni jalb etish yuzasidan oʻz xizmatlarini taklif qildi, deb xabar beradi Markaziy bank matbuot xizmati.
Maʼlumot uchun: “Franklin Templeton” 1947-yilda Nyu-Yorkda tashkil etilgan global investitsiya kompaniyasi boʻlib, asosiy faoliyat yoʻnalishi kapital va aktivlarni boshqarishga qaratilgan. Kompaniya tomonidan boshqariladigan aktivlarning umumiy qiymati 1,4 trillion dollardan ziyodni tashkil etadi va uning 100 dan ortiq ofislari 30 mamlakatda faoliyat yuritadi.