Franklin Templeton Oʻzbekistonga sarmoya kiritadi

    Investitsiyalar 29 Mart 2023 812

    Joriy yil 28-martda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Franklin Templeton kompaniyasining investitsiyalar boʻyicha bosh direktori Manraj Sehon bilan muzokaralar oʻtkazdi.

    Maʼlumot uchun: Franklin Templeton 1947-yilda Nyu-Yorkda tashkil etilgan, 9 mingdan ortiq xodimga ega global investitsiya kompaniyasi. Faoliyatining asosiy yoʻnalishi — kompaniyalarning kapitali va aktivlarini boshqarish.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning joriy yil yanvar oyida Singapurga davlat tashrifi chogʻida erishilgan loyiha va kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi.

    Xususan, davlat korxonalariga xorijiy investitsiyalarni jalb etishning yangi mexanizmlarini joriy etish masalasi suhbat ishtirokchilari tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Shu tariqa, joriy yil aprel oyi oxirigacha Milliy investitsiya jamgʻarmasini tashkil etish, shuningdek, kompaniyaning Toshkent shahrida vakolatxonasini ochish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Davlat korxonalarini transformatsiyalash va tarkibiy oʻzgartirish jarayonlari samaradorligini taʼminlash maqsadida Singapur kompaniyasi Oʻzbekistonga yuqori malakali mutaxassislarni yuboradi.

    Tomonlar yaqin oylarda Jamgʻarma aksiyalarini “Toshkent” Respublika fond birjasiga joylashtirishga kelishib oldilar. Ushbu bosqich AQSH, Yevropa Ittifoqi va boshqa mamlakatlarning yirik investorlarini jalb etish, shuningdek, keng jamoatchilikni fond bozoriga sarmoya kiritishga jalb etishga qaratilgan chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirishda birinchi bosqich boʻladi.

    Yigʻilish yakunlari boʻyicha tegishli “Yoʻl xaritasi” kelishib olindi va erishilgan kelishuvlar va vazifalari loyihalarni hayotga tatbiq etishdan iborat ishchi guruh tuzish boʻyicha yakdil qarorga kelindi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.