Mamlakatimizda 704 ta maktabda fransuz tili oʻqitiladi. Hozirda ushbu maktablarda 174 119 ta oʻquvchi tahsil oladi. Umumtaʼlim maktablarida jami 1906 ta fransuz tili oʻqituvchisi dars beradi. Fransuz tili darsliklar oxirgi marotaba 2015-yilda yangilangan. Endilikda hukumat qarori bilan chet tillari fanlaridan xalqaro nashriyotlar tomonidan ishlab chiqilgan darsliklarni olib kelish jarayonlari doirasida xorijning fransuz tili darsliklarini ham umumtaʼlim maktablariga joriy yetish ishlari boshlab yuborildi.

Bugunga qadar Respublika taʼlim markazi tomonidan respublikadagi fransuz tili oʻqitiladigan maktablar uchun Fransiyaning “Hachette Education”, “Didiyer FLE” hamda “CLE Internatsional” kabi yetakchi nashriyotlari tomonidan ishlab chiqarilgan darsliklarni olib kelish va maktablarda joriy qilish maqsadida Fransiya nashriyotlari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.

Joriy yidning 22-fevral kuni Respublika taʼlim markazida “CLE Internatsional” nashriyoti vakili, janob P. Liria bilan uchrashuv oʻtkazildi. Fransiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasining taʼlim boʻyicha mintaqaviy attashesi, janob Serj Bellini boshchiligida oʻtkazilgan uchrashuvda mazkur nashriyotning “Zig Zag+” (1-4-sinflar uchun), “Merci” yoki “Jus dʼorange” (5-9-sinflar uchun) hamda “#LaClasse” (10-11-sinflar uchun) darslik majmualarini Oʻzbekistonga olib kelish, mahalliylashtirish va umumiy oʻrta taʼlim maktablarida joriy qilish istiqbollari va imkoniyatlari haqida fikr almashildi.

Nashriyot vakili yuqorida nomlari keltirilgan oʻquv-metodik qoʻllanmalarni Oʻzbekistonga olib kelish va umumiy oʻrta taʼlim maktablarida joriy qilish boʻyicha oʻz taqdimot va takliflarini maʼlum qildi.

Xususan, mazkur darsliklarni Oʻzbekiston maktablari uchun tayyor holda ishlab chiqarish (mahalliy mutaxassislar tomonidan mahalliylashtirish uchun berilgan taklif va tavsiyalarni inobatga olgan holda), arzon narx va sifatli koʻrinishda yetkazib berish hamda fransuz tili fani oʻqituvchilarning malakasini oshirish va uzluksiz metodik yordam koʻrsatib borish kabilar taʼkidlab oʻtildi.

P. Liria, shuningdek, belgilangan shartlar asosida oʻquv-metodik qoʻllanmalarni Oʻzbekistonda nashr qilish boʻyicha litsenziya ham taqdim etilishi mumkinligini maʼlum qildi.

Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 1-fevralida Markazda Fransiyaning “Hachette Education” nashriyoti vakili, 7-fevralda esa “Didiyer FLE” nashriyoti vakillari bilan uchrashuv oʻtkazilgan edi.