Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Fransiyaning Montagne et Neige Développement (MND) kompaniyasi hududiy direktori Orxan Shirinni hamda kompaniyaning mahalliy hamkorlarini qabul qildi.

Joriy yil 6-iyunda ushbu kompaniya vakillari bilan oʻtkazilgan dastlabki uchrashuvda viloyatimiz hududida arqon yoʻl va osma koʻpriklarni oʻz ichiga olgan ommaviy turizm maskani barpo etish loyihasi muhokama qilinib, ushbu loyihani Shohimardonda amalga oshirish boʻyicha loyiha konsepsiyasi ishlab chiqishga kelishib olingandi.

Uchrashuvda Montagne et Neige Développement (MND) kompaniyasi vakili Orxan Shirin viloyat hokimiga oʻzlari tomonidan Shohimardonda olib borilgan oʻrganishlar natijasida ishlab chiqilgan hududni turistik rivojlantirish konsepsiyasini taqdim etdi.

Loyiha 10 tadan kabinaga ega ikkita arqon yoʻli, 1 ta qiya koʻtargich, 1 ta osma koʻprik, Zipline, Alpine Coaster attraksionlari va boshqa koʻplab qoʻshimcha turistik infratuzilma obyektlarini oʻz ichiga oladi. Tabiat bilan uygʻunlik bosh gʻoya boʻlgan loyihada oilaviy turizm imkoniyatlarini taqdim etishga ham alohida eʼtibor qaratilgan.

Loyihani moliyalashtirish masalasida imtiyozli kredit mablagʻlarini jalb etish boʻyicha Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) hamda Yevropa banklari bilan muzokaralarni birgalikda olib borishga kelishib olindi.