Fransiya kompaniyasi tomonidan xalqaro dam olish maskani barpo etiladi

    “Chimyon” mavsumiy oromgohi obyektlarini loyihalash, ilmiy-tadqiqot, qurilish, jihozlarni yetkazib berish va oʻrnatish, ishga tushirish boʻyicha ochiq tender oʻtkazildi.

    “Beldersoy – Chimyon – Nanay” xalqaro mavsumiy kurortini qurish va yekspluatatsiya qilish loyiha idorasi” davlat unitar korxonasi tomonidan “Chimyon turistik zonasini qurish” loyihasi doirasida eʼlon qilingan tenderda Fransiyaning “Montagne yet Neige Développement” (MND) kompaniyasi gʻolib deb topildi.

    Maʼlumot uchun, MND togʻli hududlarda loyihalarni amalga oshirish boʻyicha yetakchi sanoat guruhi boʻlib, 2004-yildan buyon dunyoning 49 davlatida faoliyat yuritib kelmoqda. Kompaniya butun dunyo boʻylab “Kurchevel”, “Chamonix-Mont-Blanc”, “Rosa Xutor”, “Moleson”, “Narvik” va boshqa 1500 dan ortiq loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etgan.

    Taʼkidlash kerakki, mazkur loyiha doirasida mavsumiy togʻ bogʻi ham tashkil etiladi. Bu bogʻda mahalliy va xorijiy sayyohlarga ochiq havoda hordiq chiqarish uchun barcha imkoniyatlar yaratiladi.

    Loyihada 2515 metr balandlikka koʻtariladigan 10 kishilik asosiy kanat yoʻli (maksimal quvvati – 2000 kishi/soat) va 80 kishilik oraliq mayatnik tipidagi kanat yoʻli (maksimal quvvati – 800 kishi/soat) qurilishi ham koʻzda tutilgan.

    Qayd etish joizki, hudud ziyoratchilarni 3309 metr balandlikka olib chiqadigan inshootlar mavjud boʻlgan Markaziy Osiyodagi yeng baland nuqtaga aylanadi.

    Shuningdek, Fransiya kompaniyasi tomonidan 20 dan ortiq turdagi qishki va yozgi attraksionlar, umumiy uzunligi 20 km dan ortiq boʻlgan 11 ta changʻi yoʻlaklari, mehmonxona majmualari va kottejlar, 6000 ta turistik maskan ham barpo etiladi.

    Mazkur loyiha Toshkent viloyatining turizm infratuzilmasini rivojlantirish, mamlakatimizning togʻli hududlarida ommaviy sportni ragʻbatlantirish, keng, qulay sharoitlar va yangi ish oʻrinlari yaratishga xizmat qiladi.