Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Fransiyaning afgʻon inqirozini tinch yoʻl bilan hal etish borasidagi saʼy-harakatlari hamda ushbu mamlakatga gumanitar yordam koʻrsatish masalalari muhokama qilindi.

B.Lortolari Fransiya va Yevropa Ittifoqiga aʼzo boshqa davlatlar fuqarolarini Afgʻonistondan evakuatsiya qilishda Oʻzbekiston tomonidan koʻrsatilgan yordamni yuqori baholadi hamda Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash yoʻlida Oʻzbekiston tomoni bilan faol hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Tomonlar, shuningdek, afgʻon muammosi boʻyicha xalqaro hamjamiyatning yaxlit pozitsiyasini ishlab chiqish zarurligini taʼkidladilar.

Fransiya tomoni Oʻzbekistonning Termiz shahrida BMT shafeligida afgʻon xalqiga insonparvarlik yordam koʻrsatish boʻyicha xalqaro xab tashkil etish tashabbusini qoʻllab-quvvatladi.

Bundan keyin ham Afgʻoniston masalasi boʻyicha maslahatlashuvlarni davom ettirish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.