Fransiyadagi tekstil sohasida faoliyat olib borayotgan qariyb 2 200 ta kompaniyani oʻzida jamlagan Union des Industries Textiles tarkibidan 23 ta hududiy va tarmoq birlashmalari oʻrin olgan.

Viloyat hokimligida boʻlib oʻtgan uchrashuvda Fransiya tekstil sanoati uyushmasi bilan hamkorlikda Yevropa bozorlariga Fargʻonada tayyorlangan tekstil mahsulotlarini eksport qilish istiqbollari muhokama etildi.

Iqboljon Ergashev mehmonlarga viloyatimizning eksport salohiyati, respublika toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida Fargʻona viloyatining tutgan oʻrni haqida maʼlumot berdi, nufuzli S&P Global Ratings reyting agentligi tomonidan viloyatning mustahkam moliyaviy indikatorlari va yuqori iqtisodiy salohiyati uchun B+ “Barqaror” kredit reytingi berilganini ham alohida qayd etdi.

Yaqinda xalqaro “Cotton Campaign” koalitsiyasi hamda jahondagi mashhur brendlar tomonidan Oʻzbekiston paxtasi va tekstil mahsulotlariga nisbatan ilgari oʻrnatilgan boykot bekor qilinganiga toʻxtalgan viloyat hokimining oʻrinbosari, bu Yevropa Ittifoqi bozoriga tayyor tekstil mahsulotlarining kirishiga va eksportini kengaytirishga katta imkoniyatlar ochganini taʼkidlab, Fransiya tekstil sanoati uyushmasi bilan hamkorlik har ikki tomon uchun manfaatli boʻlishiga ishonch bildirdi.

Norber Blan Fargʻonada ishlab chiqarilgan ip-kalava hamda boʻyalgan matolarni Fransiyaga eksport qilish boʻyicha hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi. Shuningdek, Fargʻonadagi oliygohlarda tekstil yoʻnalishida Fransiya OTMlari bilan birgalikda qoʻshma fakultet tashkil etish va unda zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalana oladigan mutaxassislarni tayyorlash masalasida ham hamkorlikda ish olib borishga kelishildi.

Toʻqimachilik sohasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy munosabatlarni rivojlantirish borasidagi imkoniyatlar muhokamasi ham uchrashuv kun tartibidan oʻrin oldi. Uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha kelgusi chora-tadbirlar belgilab olindi, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.