Uchrashuvda Toshkent shahar hokimining birinchi oʻrinbosari Hotambek Shakirov, hokim oʻrinbosari Sharof Rahmanov EDF departamentining Markaziy Osiyo boʻyicha direktori Emmanuyel Chevennement, EDFning biznes boʻyicha katta menejeri Anna Sharayeva va Oʻzbekistondagi bosh direktori Pyer Pol Antenisens ishtirok etdi.
Muloqot davomida muqobil energiya manbalaridan foydalanish, xususan, poytaxtdagi qator obyektlarga quyosh panellarini oʻrnatishga qaratilgan loyiha doirasidagi ishlar koʻrib chiqildi.
Qayd etilishicha, loyiha, nafaqat shahrimiz balki mamlakatimiz uchun istiqbolli hisoblanadi va uning amalga oshirilishi natijasida elektr energiyasi sarfi sezilarli darajada kamayadi. Obyektlarga oʻrnatilgan quyosh panellari ularning oʻz isteʼmolidan tashqari qoʻshimcha binolar va aholiga yoʻnaltirilishi mumkin.
Fransiya tomonining maʼlum qilishicha, bugungi kunda loyihaning texnik, iqtisodiy va huquqiy hujjatlari takomiliga yetkazilyapti. Shu bilan birga, ushbu uzoq muddatli, keng koʻlamli loyihani birgalikda amalga oshirish uchun hamkorlik qilishi mumkin boʻlgan kompaniyalar koʻrib chiqilyapti, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.
Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy muloqotlar davom etishini bildirdi.