Fransiyaning turizm yoʻnalishidagi taʼlim muassasalari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi

    Ta'lim 7 Iyun 2023 2457

    Joriy yil 6-iyunda Madaniyat va turizm vazirligida Fransiyaning turizm sohasidagi taʼlim muassasalari vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda Madaniyat va turizm vazirligi rasmiylari hamda Fransiyaning Turizm sohasida mutaxassislar tayyorlash uyushmasi (CFET) bosh kotibi – Anne Massikot Kerlok, Fransiyaning Turizmni rivojlantirish instituti (IFDT) rahbari – Vinsent Fayol, Fransiya Turizm boʻyicha ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari instituti vakili – Jan Mishel Shapyu va Fransiyaning “Y SCHOOLS” oliy taʼlim muassasasi xalqaro aloqalar direktori – Antuan Gilme ishtirok etdi.

    Muloqotlar davomida Fransiyaning Ducasse maktabi hamda “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining Samarqand viloyati va Toshkent shahridagi turizm texnikumlari bilan restoran biznesi hamda kulinariya yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlash masalasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalasi muhokama etildi.

    Shuningdek, Fransiyaning Turizm sohasida mutaxassislar tayyorlash uyushmasi (CFET) bilan hamkorlikda 2023-2024 oʻquv yilidan boshlab turizm sohasida magistraturada taʼlim olish uchun oʻzbekistonlik talabalar uchun alohida kvotalar ajratish, talabalar va pedagoglar uchun oʻzaro stajirovkalarni tashkil etish yuzasidan kelishuvlarga erishildi, deb xabar beradi Madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati.